Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash kuchaytirilmoqda
11:39 / 2026-03-02

Joriy yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda davlat byudjeti tushumlarini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida ham maxsus ishchi guruhi tashkil etildi.

Shu kunlarda ishchi guruhi tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xususan, soliq bazasini yashirish holatlarini aniqlash va bartaraf etish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish hamda iqtisodiy jarayonlarda ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruhi Buxoro shahridagi ko‘p qavatli turarjoy binolarini qurayotgan qurilish korxonalarida o‘rganish ishlari olib bordi. Qator qurilish sub’ektlarida ishchi-xodimlar rasmiy mehnat shartnomasisiz, norasmiy tarzda mehnat qilib kelayotgani aniqlandi.

Mehnat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan 3 ta qurilish korxonasi mas’ullariga nisbatan mehnat qonunchiligi talablarini buzganlik holatlari yuzasidan belgilangan tartibda ogohlantirishlar berildi.

Shuningdek, soliq boshqarmasi mas’ullari tomonidan tadbirkorlarga haqiqatda to‘lanayotgan ish haqi summasini soliq hisobotlarida aks ettirmaslik oqibatlari, soliqdan qochish sxemalari, “konvert” usulida ish haqi to‘lashning huquqiy oqibatlari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari batafsil tushuntirildi.

Jumladan, o‘rganishlar davomida “INVEST BETTA WAN” korxonasi (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan Buxoro shahrida joylashgan Yangi O‘zbekiston massivida jami loyiha qiymati 34,3 milliard so‘m bo‘lgan 9 qavatli, 72 xonadonli 2 ta turarjoy binosi qurilishi 2025-yil aprel oyida boshlangan. Hozirgi vaqtda har ikki ob’ektda ham qurilish ishlari 9-qavat darajasiga yetgan holda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.

Jamiyat tomonidan esa soliq hisobotlarida bor-yo‘g‘i 2 nafar shaxs (korxona rahbari va ish yurituvchi) rasmiy ravishda ishchi sifatida ko‘rsatilgan hamda ularga oylik ish haqi hisoblangan. O‘rganish jarayonida esa qurilish maydonida 20 nafardan ortiq ishchi norasmiy tarzda mehnat qilayotgani, ish haqi rasmiy hisoblanmasdan “konvert” usulida naqd shaklda to‘lab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.

Loyiha qiymati 34,3 milliard so‘m bo‘lgan ushbu 2 ta 9 qavatli qurilish ob’ektida qurilish-montaj ishlarining asosiy qismi bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan, jamiyat tomonidan rasmiy hujjatlar asosida atigi bir milliard so‘mlik qurilish mahsulotlari xarid qilingan. Bu esa qurilish jarayonida foydalanilayotgan materiallarning kirim qilinmasdan, ya’ni noqonuniy tarzda xarid qilinib ishlatilganini ko‘rsatmoqda.

Dastlabki o‘rganishlar doirasida 3 ta qurilish sub’ektida tekshiruv o‘tkazilib, taxminan 50 nafarga yaqin ishchi norasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgani, ish haqi “konvert” usulida to‘lanayotgani hamda qurilish ishlarida foydalanilayotgan materiallar kirim hujjatlarisiz ishlatilishi holatlari aniqlandi.

Ishchi guruhi a’zolari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazilib, ushbu qonunbuzilish holatlari bartaraf etilmagan taqdirda qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanilishi mumkinligi haqida rasmiy tushuntirishlar berildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri