Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin iqtisodiyotga barham berishda jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik qilish maqsadga muvofiq – Senat Raisi
13:40 / 2024-06-22

Senat yalpi majlisida Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlar holati tahlil qilindi.

Viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda qator ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.    

Xususan, mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2023 yil boshidan 783,3 mingta xonadon xatlovdan o‘tkazilgan. 298 xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 tasi savdo va xizmat, 264 tasi dehqonchilik va issiqxona, 123 tasi bog‘dorchilik, qolgani kichik ishlab chiqarish, hunarmandchilik va boshqa yo‘nalishlarda daromadini oshirmoqda.  

Hokim yordamchilari bilan birgalikda jami 423 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. “Onlayn mahalla” platformasida 5,5 mingga yaqin mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida 1,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan. 23 ming 507 nafar fuqaro ishli bo‘lgan.  

Ixtisoslashgan mahallalarga yaqin hududlarda 44  mikromarkaz tashkil etilib, 507 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.  

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.  

Viloyatda 2024 yilning 1 yanvar holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining soni 2023 yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan. Ishchi sonini umuman ko‘rsatmagan korxonalarning 322 tasida jami 518 nafar nolegal ishchilar mavjud bo‘lib, ulardan bir yilda kamida 800 million  so‘m daromad solig‘i yo‘qotilgan.  

Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan 1,5 trillion so‘mlik kreditning 72,3 milliard so‘mi muammoli kreditga aylangan. Bundan tashqari, tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagan.  

Viloyatda tadbirkorlar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, murojaatlarning 205 tasini ko‘rib chiqish muddati buzilgan.  

Samarqand shahri, Pastdarg‘om, Urgut, Ishtixon, Narpay, Payariq, Bulung‘ur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.  

Senatorlar tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar mas’ul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda bu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.  

Mazkur masala yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva tadbirkorlik rivojlanib borar ekan, bu masala bir kunlik, bir oylik emas, balki doimiy e’tiborda bo‘lishi kerakligini qayd etdi.  

– Bu borada jamoatchilikni ham chetda qoldirmaslik kerak, –dedi T.Norboyeva. – “Mahalla yettiligi” tizimi imkoniyatlarini ham e’tiborga olish zarur. Yashirin iqtisodiyot, norasmiy bandlikka barham berishda jamoatchilik bilan yaqindan hamkorlik qilish maqsadga muvofiq. Shunda tezroq natijaga erishish mumkin.  Bu tizimda xotin-qizlar faollari ishlaydi, ularga ham bandlik masalasi yuklatilgan, birgalikda hamkorlikda ishlash joiz. Hokim yordamchilari yaxshi natijalar ko‘rsatmoqda. Demak, hamma bitta maqsad uchun intilmoqda. Aholining ehtiyojiga qarab kredit berish, subsidiya ajratish, endi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlarga oyoqqa turib olishi uchun yordam berish doimiy kun tartibida bo‘lishi shart.  

Majlisda viloyat hududlarining xususiyatlari, “o‘sish nuqtalari” va salohiyatini inobatga olib, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, “Onlayn mahalla” elektron platformasi tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilinishini ta’minlash lozimligi qayd etildi.  

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.  

Norgul Abduraimova,

O‘zA