Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.
Bojxona mutasaddilari va tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini keskin qisqartirib, sog‘lom raqobat va xususiy biznesni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi. Viloyat bojxona boshqarmasida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, bojxona nazorati, noqonuniy tovar aylanmasiga qarshi kurash, hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda tadbirkorlarga qonun asosida ko‘rsatilayotgan yordamlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.

Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari joriy yilning olti oyida kontrabanda va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi bilan bog‘liq 276 ta huquqbuzarlikni aniqlab, qariyb 14 milliard so‘mlik tovarni daliliy ashyo sifatida olib qo‘ygan. 29 ta holatda qiymati 5,1 milliard so‘m bo‘lgan 363 ming 869 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy harakati aniqlangan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida olib borilgan nazorat ishlari chog‘ida 91 ta huquqbuzarlik fosh etilib, 456,7 million so‘mlik tovar daliliy ashyo sifatida olingan va 1 milliard 772,6 million so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblangan.

Davra suhbatida yashirin iqtisodiyot shakllanishining turli sxemalariga chek qo‘yish orqali iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi. Tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar tinglandi. Bojxona organlari bilan hamkorlikdagi ishlar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilarga huquqiy maslahatlar berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri