Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashirin daromadlar kameral tekshiruvlar orqali oshkor bo‘lmoqda
14:41 / 2026-02-19

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekistonda kameral soliq tekshiruvlari cheklangan hajmda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, aniqlangan 2,4 trillion so‘mlik soliq tafovutlari iqtisodiyotdagi yashirin mablag‘larni ochib berdi.

Bu raqamlar soliq nazoratining ahamiyati va tadbirkorlik sohasida moliyaviy intizomni mustahkamlash zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1,8 mingta soliq to‘lovchisida tekshiruvlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu respublika bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan 572 mingta tadbirkorlik sub’ektlarining atigi 0,3 foizini tashkil etadi.

Kameral tekshiruvlar natijasida jami 2,4 trillion so‘m soliq tafovutlari aniqlangan va soliq to‘lovchilarga tegishli talabnomalar yuborilgan. Aniqlangan tafovutlarning asosiy qismini quyidagi soliq turlari tashkil qiladi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i  1,1 trillion so‘m, foyda solig‘i esa 721,6 milliard so‘m, aksiz solig‘i 514,6 milliard so‘m va daromad solig‘i 51,6 milliard so‘mni tashkil etgan.

Bu raqamlar shuni ko‘rsatadiki, eng katta tafovutlar aynan qo‘shilgan qiymat va foyda soliqlarida kuzatilgan. Bu esa moliyaviy nazorat va soliq hisoboti aniqligiga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.

Aniqlangan soliq tafovutlari tarmoqlar kesimida ham sezilarli farq qiladi. Masalan, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish  899,7 milliard so‘m, ishlab chiqarish 884,7 milliard so‘m, qurilishda esa 292,8 milliard so‘m, transport 232,3 milliard so‘m va qishloq xo‘jaligida 82,9 milliard so‘mni tashkil etgan.

Eng katta tafovutlar aynan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalarida aniqlangan. Bu esa, tadbirkorlik faoliyatida soliq hisoboti va nazorat tizimlarini kuchaytirish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xabarda qayd etilishicha, joriy yilning yanvar oyidagi kameral tekshiruvlar hajmi soliq to‘lovchilarning juda kichik qismini qamrab olgan bo‘lsa-da, aniqlangan tafovutlar jami iqtisodiyot uchun sezilarli miqdorni tashkil etadi. Bu shunga ishora qiladiki, soliq nazorati faqat keng qamrovli va samarali bo‘lganda iqtisodiyotdagi yashirin daromadlarni aniqlash va tartibga solish imkonini beradi.

Shuningdek, soliq to‘lovchilarning moliyaviy intizomi va soliq hisoboti aniqligi turli sohalarda turlicha. Jumladan, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalari alohida e’tiborni talab qiladi. Shu bois, soliq organlari tomonidan aniqlangan tafovutlar asosida tavsiyalar ishlab chiqish va nazorat tizimini yanada kuchaytirish muhim hisoblanadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA