Qonunchilik palatasining majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani taqdim etar ekan, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish borasidagi sa’y-harakatlarga hamda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yuqorilab borayotganiga to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, davlat byudjetidan samarali foydalanish borasida davlat moliyaviy nazorati kuchaytirildi. Xususan, masofaviy audit tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida 2,3 trln. so‘mlik 112 mingta moliyaviy xato va kamchiliklar bartaraf etildi.
87 holatda 247 mlrd. so‘mlik subsidiya mablag‘laridan maqsadsiz foydalanilishiga chek qo‘yildi. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsadida 673 mingta sub’ekt xatlovdan o‘tkazilib, yashirin aylanmalarni rasmiy hisobotlarda aks ettirish orqali 16 trln. so‘m mablag‘ning byudjetga undirilishi ta’minlandi.

Xususiy sektorda korrupsiyaning oldini olish borasida tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini nazorat qilishga vakolatli organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlandi. Ro‘yxatga kiritilmagan organlar tomonidan tadbirkorlarning faoliyatini nazorat qilish taqiqlandi. 19 ta hujjat va tartib-taomillar bekor qilindi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarishga oid faoliyatini raqamlashtirish axborot tizimi (hrm.argos.uz) yo‘lga qo‘yildi. 2024 yilda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 750 tadan oshgan. Xususan, pensiya tayinlash uchun ariza berish, tibbiy ma’lumotnoma olish, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashga ariza berish, nafaqa tayinlash, mehmonxona qurish uchun subsidiya olish, talabalar uchun ta’lim krediti olish, davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini kasbiy sertifikatlash va boshqa xizmatlar elektron shaklga o‘tkazildi.
Masalan, ilgari kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasini tayinlash uchun 15 dan ortiq hujjat talab qilingan bo‘lsa, hozirda bu jarayonlar avtomatlashtirilib, birgina ariza orqali hal etilyapti.
Shuningdek, barcha banklarda kreditlash jarayonlariga skoring tizimi yo‘lga qo‘yilib, mijozlarning kreditga layoqatliligini avtomatlashtirilgan holatda aniqlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimini uzluksiz oshirib borish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi ishga tushirildi. Sudlar tomonidan mansabdor shaxslarning bekor qilingan noqonuniy qarorlari to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tizimi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portalida (public.sud.uz) davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlarini bekor qilish haqidagi sud qarorlarini ochiq e’lon qilib borish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Raqamlashtirish borasidagi ishlar natijasida BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekiston 6 pog‘ona yuqorilab, 196 ta davlat ichida 63-o‘rinni egalladi va indeksning juda baland guruhiga qo‘shildi.
Bundan tashqari, “Open data inventory” reytingida O‘zbekiston 195 ta davlat ichida 12 o‘rinni egallab, 2022 yilga nisbatan 18 pog‘onaga yaxshilandi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA