Bahor yasharish va yashnash fasli ekanligi bilan dillarga quvonch, ruhiyatimizga tetiklik bag‘ishlaydi. Bu faslda tabiat uyg‘onadi, yashillik bo‘y ko‘rsatadi.
Ayni fasl arafasida yurtimiz bo‘ylab boshlab yuborilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi har bir insonni yana bir karra tabiat bilan oshnolikka chorlaydi.
Mazkur keng ko‘lamli loyiha doirasidagi ishlarda O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari, deutatlari va faollari ham tashabbuskorlik ko‘rsatishmoqda. Joylarda hududiy partiya tashkilotlari tashabbusi bilan keng maydonlarda ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Bag‘dod tumanidagi “Oydinbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘chat ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda partiya vakillari, tuman hokimligi mutasaddilari, turli tashkilot va muassasa rahbarlari hamda faol yoshlar ishtirok etdi. Aksiya davomida mahalla hududidagi 5 gektar maydonda turli daraxt ko‘chatlari va butalar o‘tqazildi.

Bu kabi amaliy tadbirlar barcha partiya tashkilotlari tomonidan tashkil etilmoqda. Yashillikni kengaytirish, kelajak avlodga ekologik jihatdan toza va obod mamlakat qoldirishga xizmat qiladigan ushbu harakatlar yurtimiz bo‘ylab keng quloch yoyayotgani e’tiborlidir.
Bu borada yana bir tashabbus ilgari surilmoqda. Ertaga —10-mart kuni butun mamlakat bo‘ylab “Yangi daraxt — yangi nafas” nomli respublika ekologik aksiyasi o‘tkaziladi.

Tadbirga ekologiyaga mas’uliyat bilan yondashadigan barcha fuqarolar, jumladan o‘quvchilar, talabalar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, shuningdek, 18-70 yoshdagi barcha fuqarolar taklif etiladi. Ushbu tadbirning maqsadi atrof-muhitni asrashga e’tiborni oshirish, jamiyatda ekologik madaniyatni rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirishga hissa qo‘shishdir.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi ekologik tadbirlar, aksiya va loyihalar har bir fuqaro ongu shuurida tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil maydonlarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA