Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashillik tabiat musaffoligiga xizmat qiladi
16:27 / 2024-12-13

Yashillik musaffolikni ta’minlaydi. Boisi ko‘p daraxt o‘sgan hudud yozning saratonida salqin, ishlab chiqarilayotgan kislorod evaziga havosi toza bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan boshlab berilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan ham ushbu maqsadlar ko‘zlangan bo‘lsa, ne ajab. Loyiha doirasida bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida daraxt ekish ishlari umumxalq harakatiga aylanib ulgurdi.

Qashqadaryo viloyatida ham kuzgi daraxt ekish jarayonlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Joriy mavsumda vohada 10 million tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish maqsad qilingan. 

Birgina viloyatning Chiroqchi tumanida 417 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni vaqtga qadar 300 ming tupdan ortiq nihollar tanlangan maydonlar, jumladan, yo‘l bo‘ylari, kanal va daryolarga tutash yerlarda o‘tqazib bo‘lindi. 

– “Yashil makon” umummilliy loyihasi – bu bir yillik tadbir emas, – deydi Chiroqchi tumani hokimi o‘rinbosari Boyqobil Norqobilov. – Loyihaga start berilgan kundan e’tiboran o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Mana ayni kunlarda ham tumanimizda keng miqyosda ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, ekish jarayoni tumandagi har bir mahalla, tashkilot va idoralarda, fermer xo‘jalik yerlari yoqalarida, katta ko‘chalar bo‘ylarida amalga oshirilmoqda. Barcha yurtdoshlarimiz bir yoqadan bosh chiqargan holda munosib hissasini qo‘shmoqda. Buning uchun tuman markazidagi Markaziy o‘yingoh ro‘parasida loyiha doirasida arzonlashtirilgan “Ko‘chatlar savdosi yarmarkasi” ham tashkil etganmiz. Chunki mahallalarimizning fayzi va ko‘rki, ko‘chalarimiz, ish joylarimiz ozodaligi, havomiz musaffoligi ekilgan va ekayotgan daraxtlarimizga bog‘liq. 

[gallery-20849]

Tumanda jamoaviy bog‘lar tashkil etish ham yaxshi an’ana tusini olgan. Tumandagi Zarbdor mahallasi hududidan ajratilgan 5 gektar yerda “Polvonlar bog‘i”ning tashkil etilgani ham buning isbotidir. Quvonarlisi, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga barcha birdek bosh qo‘shib, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari atroflariga uyushqoqlik bilan ko‘chat ekish ishlari davom ettirilmoqda. 

Chiroqchi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 14-umumta’lim maktabining eski binosi 60-yillarda qurilgan bino bo‘lib, so‘nggi yillarda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgandi. Ushbu bino 400 million so‘m mablag‘ evaziga kapital rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi. Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari hamda maktab jamoasi ushbu yangi binodan foydalanishni uning atrofini obodonlashtirishdan boshladi. 

– Bu yerda 96 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 4 ta sinfda bir smenada tahsil oladi, – deydi Chiroqchi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Farhod Jumanov. – O‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun binoda yetarlicha qulayliklar yaratildi. Jumladan, isitish tizimi yo‘lga qo‘yildi. “Yashil makon” loyihasi doirasida ushbu maktab hududini obodonlashtirish maqsadida 200 tupdan ortiq manzarali ko‘chat ekdik. Bundan tashqari, tumanimizdagi maktablar atrofiga rejalashtirilgan 20 ming tup ko‘chat ekish ishlari to‘liq bajarildi. 

Bu kabi xayrli ishlarning davomi sifatida bugun tumanda aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashish ishlari ham tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Zarbdor mahallasida istiqomat qiluvchi Qandolat Botirova ancha yillardan buyon betob. Topgani dori darmondan ortmaydi. Unga ham bir bosh bolali sigir olib berilgani ayni muddao bo‘ldi. 

– 4 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ishsiz, – deydi Q.Botirova. – Kenja farzandim og‘ir kasalga chalinib qoldi. Necha yildan buyon davolatamiz. Topganimiz shunga ketyapti. Mahalladoshlar baraka topishsin homiylik yordami evaziga sigir olib berishdi. Sut, qatig‘idan foydalanyapmiz, shukr. Pul mablag‘i ham ajratildi. O‘g‘limning sunnat to‘yini ham o‘tkazishdi. Bundan boshim osmonga yetdi, barchalariga rahmat. 

Xayrli va savobli ishning etagini tutgan yaxshi albatta. Buning ortidan kimningdir ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Qolaversa, bog‘-rog‘larning ko‘payishi yurtimizni yashillikka burkanishiga, tabiatimizning musaffo bo‘lishiga ham xizmat qiladi. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari