Buxoro amirligi deganda ko‘z oldimizga ko‘pincha qum barxanlari va jazirama cho‘llar keladi. Biroq manbalar bu tasavvurning biryoqlama ekanini ko‘rsatadi. Aslida, amirlik hududlari ulkan va boy o‘rmon xo‘jaliklariga ham ega bo‘lgan. Bu o‘rmonlar nafaqat tabiat ko‘rki, balki mamlakat iqtisodiyotining muhim tayanchlaridan biri hisoblangan. Tog‘ yonbag‘irlari va daryo qirg‘oqlaridagi yashil hududlar aholi uchun tirikchilik manbai vazifasini o‘tagan. Ushbu tabiiy boyliklar davlat g‘aznasiga ham sezilarli daromad keltirgan.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, amirlikning o‘rmon fondi asosan Pomir, Zarafshon, Nurota, Hisor, Bobotog‘ va Ko‘hitog‘ tizmalarida joylashgan edi. Bu hududlarning iqlimi daraxtlarning jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratgan. O‘rmonlarning aksariyat qismini archa, chinor va terak daraxtlari tashkil etgan. Tabiatning bu saxovati faqat qurilish materiallari bilan cheklanib qolmagan. Tog‘li hududlarda bodom, do‘lana, yong‘oq va pista kabi mevali daraxtlar yovvoyi holda g‘uj-g‘uj bo‘lib o‘sgan. Bu esa mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad eshiklarini ochgan.
Adirlar va tog‘ yonbag‘irlarida istiqomat qiluvchi qishloq aholisi uchun o‘rmon ne’matlarini yig‘ish mavsumiy kasbga aylangan edi. Ular pista, bodom va yong‘oqlarni terib, mahalliy bozorlarga olib chiqishgan. Bu jarayon shunchaki ehtiyoj uchun emas, balki yirik savdo aylanmasining bir qismi sifatida shakllangan. O‘rmon mintaqalaridagi tabiiy bog‘larda yetishtirilgan hosilning umumiy hajmini aniq hisoblash mushkul bo‘lgan. Sababi, bu boyliklarning katta qismi ro‘yxatga olinmasdan ichki iste’molga yo‘naltirilgan. Shunga qaramay, bojxona ma’lumotlari ayrim qiziqarli raqamlarni taqdim etadi.
Ko‘lob va Baljuvon bekliklaridan Saroy bojxona maskani orqali xorijga katta miqdorda mahsulot chiqarilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir yilda taxminan 20 ming pud atrofida pista chet mamlakatlarga sotilgan. Bu raqamlar o‘sha davr o‘lchovida juda ulkan savdo hajmidan dalolat beradi. Hosildorlik yuqori bo‘lgan yillari bir nafar terimchi kuniga 4-5 pudgacha hosil yig‘ib olishga muvaffaq bo‘lgan. Yig‘ilgan mahsulotlar maxsus omborlarda saqlangan va kuz oylarida savdo karvonlariga yuklangan.
Tarixchi olim Fayzulla Ochildiyevning yozishicha, Buxoro pistasining xaridorlari asosan Rossiya va Yevropa davlatlarining savdogarlari edi. Savdo zanjiridagi narx tafovuti o‘sha davr tadbirkorligining foyda ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Savdogarlar tog‘li qishloqlardan tozalangan pistaning bir funtini o‘rtacha 7 tiyindan xarid qilishgan. Ushbu mahsulot Rossiya imperiyasining yirik shaharlariga yetib borgach, uning narxi keskin oshgan. Masalan, Odessa bozorlarida bir funt Buxoro pistasi 60 tiyindan 1 rublgacha baholangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, amirlikning tabiiy boyliklari jahon bozorida yuqori qadrlangan.
Amudaryo, Zarafshon, Sherobod, Surxon, Qashqadaryo, To‘palang va Qoratog‘ daryolarining qirg‘oqlari ham qalin daraxtzorlar bilan qoplangan edi. Bu yerdagi yog‘och materiallari hunarmandchilik va qurilishda tengsiz xomashyo hisoblangan. Yong‘oq, chinor va archa daraxtlarining yog‘ochiga talab har doim yuqori bo‘lgan. Ulardan yasalgan sifatli mebellar va ro‘zg‘or buyumlari xaridorgir hisoblangan. Ayniqsa, yong‘oq va chinor yog‘ochlari Rossiya va Yevropa bozorlarida noyob xomashyo sifatida qadrlangan.
Biroq, bu tabiiy boylikka bo‘lgan yuqori talab salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqargan. Aholi va ayrim tadbirkorlar mo‘may daromad ilinjida o‘rmonlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishgan. Manbalarda qayd etilishicha, o‘rmonlardagi qimmatbaho daraxtlar ayovsiz tarzda kesilgan. Kesilgan xodalar asosan arman savdogarlariga pullanib, keyinchalik Rossiyaga olib ketilgan. Bu jarayon nazoratsiz tus olgani sababli o‘rmon xo‘jaliklariga jiddiy ziyon yetgan.
Kapitan Stetkevichning hisobotlarida bu vaziyatning ayanchli manzarasi tasvirlangan. Uning yozishicha, Qoratog‘ va To‘palang vohalarida arman va fransuz tadbirkorlari tomonidan archa, yong‘oq va terak daraxtlari vahshiylarcha kesib tashlangan. Bunday harakatlar natijasida o‘rmon fondi qisqarib, hudud ekologiyasiga katta xavf tug‘ilgan. Vaziyat shu darajaga yetganki, masalaga siyosiy darajada aralashishga to‘g‘ri kelgan. Qimmatbaho daraxtlarni ommaviy kesish taqiqlab qo‘yilgan.
XX asr boshlariga kelib, o‘rmonlarni muhofaza qilish va qayta tiklash masalasiga e’tibor quchaydi. 1914 yilda Rossiya imperiyasidan Buxoro amirligiga o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish uchun ikki nafar malakali mutaxassis yuborilgan. Ularning zimmasiga mavjud o‘rmonlarni qo‘riqlash va yangi daraxtzorlar barpo etish vazifasi yuklatilgan. Bu sohaning ahamiyatini amirlik hukumati ham yaxshi anglagan. Shu bois, mazkur ikki mutaxassisning faoliyati va o‘rmon xo‘jaligi xarajatlari uchun davlat xazinasidan yiliga 21740 rubl mablag‘ ajratilgan. Bu o‘sha davr uchun ancha katta sarmoya bo‘lib, sohani saqlab qolish yo‘lidagi jiddiy qadam edi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA