Vodorod o‘zi nima? “Yashil” vodorod qanday olinadi? U boshqa vodorod turlaridan nimasi bilan farq qiladi?
Toshkentdagi “Cambridge xalqaro CIS” maktabi o‘quvchilari bu kabi savollarga “O‘zatom” agentligi huzuridagi Atom texnologiyalari axborot markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda javob oldi. Ularga “Moskva muhandislik-fizikasi instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari ushbu mavzular yuzasidan tushunchalar berdi.
Tadbir avvalida “O‘zatom” agentligi Atom energetikasi va yadro texnologiyalari boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Maqsud Xudoyberdiyev atom energetikasi va texnologiyalarini tinchlik maqsadida rivojlantirish uchun 2018 yilda tashkil etilgan mazkur agentlikning faoliyati va O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasining bosqichlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
– bugungi kunda jahonning ko‘pgina mamlakatlari uglerod neytralligiga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan. Bunda zamonaviy yadro texnologiyalari va ilm-fan muhim o‘rin tutadi. Vodorod energetikasiga kam uglerodli energetikaning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida qarar ekanmiz, uni AES yordamida olish, issiqlik elektr stansiyalarida elektroliz yo‘li orqali ishlab chiqarishdan ko‘ra foydali ekaniga alohida to‘xtalishimiz kerak. Shu bois, "Ilm-fan va texnologiyalar uzra” loyihasi doirasida "Moskva muhandislik-fizikasi instituti” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filiali talabalari murakkab jarayonlar, texnologiyalar haqida tushunarli va to‘liqroq ma’lumotlar olish tashabbusi bilan chiqdi. Biz esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladik. Bu kabi loyihalar yoshlarga nafaqat bir-birlari bilan yaqinroq tanishish, balki ularga yadro texnologiyalari olamiga yanada chuqurroq kirib, uning inson hayotida tutgan o‘rni haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi, – dedi M.Xudoyberdiyev.

Ta’kidlash kerakki, “Ilm-fan va texnologiyalar uzra” ma’ruzalari – bu Atom texnologiyalari axborot markazining (ATAM) ma’rifiy-o‘yinli loyihasi bo‘lib, unda talabalar va yosh olimlar ekspert sifatida qatnashadi. Bo‘lg‘usi ekspertlar atom sohasidagi ilm-fan va texnologiyalarning insonlar turmushi sifatiga va butun sayyoramizga ta’sir o‘tkazuvchi ilmiy hodisalar, jarayonlar, texnologiyalar va muhandislik yechimlari haqidagi o‘z bilim va mahoratini namoyish etadi.
Loyihaning yosh ekspertlari – talabalar Maftuna Xolboyeva va Nodira Erkaboyeva vodorodning xususiyatlari, uni olish uslublari va qo‘llanishi haqida ma’ruza o‘qidi. Ularning ma’lum qilishicha, vodorodning bir necha turi bor. Masalan, "yashil" vodorod qayta tiklanadigan energiya manbalari yordamida olinadi. "Ko‘k" vodorod tabiiy gazdan, "sariq" vodorod esa atom energiyasi yordamida ishlab chiqariladi.
– Vodorod energetikasi qiziqarli, lekin ancha murakkab yo‘nalish hisoblanadi. Buning uchun esa ushbu mavzuni to‘g‘ri tushuntira bilish kerak. Ushbu tadbir men tayyorlagan taqdimotning kamchiliklarini ochib berdi. Shuningdek, men o‘zim uchun ushbu sohadagi juda ko‘p imkoniyatlarni oydinlashtirib, qaysi yo‘nalish bo‘yicha o‘z ustimda ko‘proq ishlash kerakligini bilib oldim. Bu mening maktab o‘quvchilari bilan muloqot qilishdagi birinchi tajribam. Xulosa shuki, auditoriya oldida gapirish ilgari tasavvur qilganimdan ko‘ra osonroq bo‘lib chiqdi. Bu esa meni yangi mavzular va tadqiqotlar tomon ilhomlantirdi, – dedi Maftuna Xolboyeva.
Toshkentdagi “Cambridge xalqaro CIS” maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Botirova o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bugun biz vodorod mavzusidagi o‘yinda ishtirok etdik va u judayam qiziqarli o‘tdi. Ushbu viktorinada qizlar jamoasi g‘olib bo‘ldi. Bizga talaba qizlarning chiqishlari juda yoqdi. Avvaliga hech nimani tushuna olmasam kerak, deb o‘ylagan edim, lekin hammasi sodda va ravon tilda yetkazib berildi. Yana shu kabi tadbirlarda ishtirok etishni istar edim. Biz vodorod hamda elektr stansiyalari to‘g‘risida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Kimyo va fizika fanlariga qiziqishimiz yanada ortdi.
Ma’ruza va viktorina yakunlariga ko‘ra, interfaol o‘yin g‘oliblari “O‘zatom” agentligining maxsus sovrinlari bilan taqdirlandi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri