Poytaxtimizda O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida “Yashil va qulay uy-joy” xalqaro forumi o‘tkazildi.
Tadbir mamlakat uy-joy bozorini modernizatsiya qilish, «yashil» ipoteka kreditlarini joriy etish, energiya tejamkor uy-joylar qurilishini rag‘batlantirish va ipoteka bozorini moliyalashtirishda zamonaviy yondashuvlarni ilgari surishga qaratildi.

Forum doirasida O‘zbekiston uy-joy bozori rivojining asosiy yo‘nalishlari, bozor mexanizmlarini takomillashtirish, uzoq muddatli barqaror ipoteka tizimini shakllantirish, shuningdek, «O‘zbekiston–2040» strategiyasida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosi bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar, davlat idoralari vakillari, mintaqaviy ipoteka institutlari hamda yirik moliyaviy tashkilotlar ishtirok etdi. Muhokamalar davomida ular uy-joy bozori, moliyaviy barqarorlik va "yashil" iqtisodiyotga oid ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.
Forum ishtirokchilari tomonidan jahonning uy-joy bozoridagi zamonaviy tendensiyalari, «yashil» standartlar asosida ipoteka kreditlash amaliyoti, energiya tejamkor qurilishning iqtisodiy samaradorligi, ipoteka bozorida innovatsion moliyaviy yechimlar, resurslarni jalb qilishning yangi mexanizmlari muhokama qilbydi. Shuningdek, Osiyo mintaqasidagi ikkilamchi ipoteka bozori tajribasi o‘rganildi.
Bundan tashqari, forum doirasida O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda xalqaro moliyaviy institutlar o‘rtasida qator kelishuv va shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu jarayon mamlakatda uzoq muddatli ipoteka bozorini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forumda uy-joy bozorini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan tijorat banklari uchun maxsus nominatsiyalar joriy etildi. Ular “Eng faol”, “Eng kreativ” va “Eng mas’uliyatli hamkor” yo‘nalishlarida taqdirlanadi.

“Yashil va qulay uy-joy” xalqaro forumi mamlakatda shaffof va barqaror uy-joy bozorini shakllantirish, aholi uchun energiya tejamkor va sifatli uy-joy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, "yashil" iqtisodiyot tamoyillarini amalda joriy qilishda muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Global yashil o‘sish instituti O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Stella Sung Yun Li va iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev o‘rtasida Markaziy Osiyoda iqlim moliyalashtirish sohasidagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan “Markaziy Osiyoda iqlim moliyalashtirishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish” qo‘shma loyihasi bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolanadi.
Shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii va iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev o‘rtasida Niyat bayonoti imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur bayonot PAGE tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, Milliy chiqindilar savdosi tizimini joriy etish, yashil iqlim moliyalashtirish jarayonlarini monitoring qilish, texnik va siyosiy ko‘mak ko‘rsatish orqali O‘zbekistonning "yashil" iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik hujjatlari mamlakatda ekologik barqaror taraqqiyot, resurslardan samarali foydalanish va yashil iqtisodiyotga o‘tishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi o‘rtasida 40 million AQSH dollari miqdorida Qarz shartnomasi imzolandi.
Ushbu mablag‘ suveren kafolatisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ta’minlanmagan qarz shaklida, 4 yillik muddatga ajratiladi.
Qarzning asosiy maqsadi mamlakatdagi ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Fransiya taraqqiyot agentligi hamda O‘zbekiston Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi o‘rtasida 30 million yevro miqdorida Qarz shartnomasi imzolandi.
Mablag‘ suveren kafolatisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ta’minlanmagan qarz sifatida 10 yillik muddatga ajratiladi. Ushbu kredit «yashil» ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish va energiya tejamkor uy-joylar barpo etilishini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA