“Yashil makon” — bu shunchaki daraxt ekish targ‘iboti emas. Kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof muhit yaratish, tabiiy muvozanatni tiklash va insonning tabiatga munosabatini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan uzoq muddatli dastur hisoblanadi.
Sirdaryo viloyatida ham bu yo‘nalishda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Bahor mavsumida tuman va shaharlarda 9 million 120 mingdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, kuzda yana 8 million 775 ming ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Hozirga qadar 732 ming 690 dona ko‘chat yerga o‘tkazildi.

Bu raqamlar statistikadek ko‘rinsa-da, ularning amaldagi ahamiyati juda katta. Oxirgi yillarda iqlim o‘zgarishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va changli bo‘ronlar nafaqat tabiat, balki inson salomatligi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu sharoitda yuz minglab daraxt ekish — ekologik barqarorlik yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

– O‘ylab qarasangiz, mushohada etsangiz, “Yashil makon” bir kunlik aksiya emas. Bu — millatning ekologik tafakkurini shakllantirish, tabiat bilan munosabatni qayta baholash va har bir insonda mas’uliyat hissini uyg‘otishga qaratilgan keng qamrovli harakatdir, – deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Sherzod Sultonov. – Sababi shundaki, bugun ekilayotgan ko‘chatlar bir kunda yoki bir yilda katta daraxtga aylanmaydi. Ular parvarish, mehr va doimiy e’tibor talab qiladi. Biroq 5–10 yildan so‘ng bugungi ko‘chatlar bolalarimizning soyasida o‘ynaydigan, shaharlarimiz havosini tozalaydigan va qishloqlarimiz iqlimini yumshatadigan ulkan daraxtlarga aylanadi.

Quvonarlisi, loyiha faqat rasmiy idoralar bilan cheklanib qolmayapti. Unda tadbirkorlar, mahalla faollari, yoshlar va keng jamoatchilik ham faol ishtirok etmoqda.
Ko‘chat ekish jarayonlari nafaqat ekologik tashabbus, balki tarbiyaviy jarayon sifatida ham katta ahamiyatga ega. Yoshlarda tabiatga muhabbat va atrof muhitga nisbatan mas’uliyat hissi amalda shakllanib bormoqda.

Kuz mavsumi hali davom etmoqda. Demak, yaqin kunlarda ekiladigan ko‘chatlar soni yana ortishi bilan ularning barqaror o‘sishi uchun amaliy chora-tadbirlar ham kuchaytiriladi.
Biroq mutaxassislar ta’kidlaganidek, asosiy masala — qancha ko‘chat ekilayotganida emas, balki ularning barchasi mustahkam ildiz otib, haqiqiy yashil maskanga aylanishidir. Bu esa barchamizning mas’uliyatimizga bog‘liq. Har bir ko‘chat o‘z vaqtida sug‘orishni, asrashni va tabiatga e’tiborli munosabatni talab qiladi.

Sirdaryo viloyatida boshlangan ushbu yashil tashabbus bir necha yildan keyin hudud qiyofasini tamoman yangilashi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri