Bugun butun Yer sayyorasida suv tanqisligi dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda. Shu bois, ushbu yo‘nalishda muayyan dasturlar doirasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida bir qator vazifalar ilgari surildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva “yashil” energiya manbalarini rivojlantirish va suv resurslaridan samarali foydalanish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugun jahonda iqlim o‘zgarishi, energiya resurslarining cheklanib borayotgani va suv tanqisligi kabi murakkab muammolar tobora kuchaymoqda. Bunday sharoitda har bir davlatdan uzoqni ko‘zlab ish yuritish, aniq hisob-kitob va qat’iy siyosiy iroda talab etiladi. Shu ma’noda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan islohotlar zamon talablariga to‘la javob beradi.
Yaqinda quvvati jami 3,5 ming megavatt bo‘lgan yangi “yashil” energetika quvvatlari qurilishiga start berildi. Ushbu loyihalar 2026 yilning o‘zida 7 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, shuningdek, havoga 11 million tonna zararli chiqindilar chiqishining oldini olish imkonini beradi. Bu esa energetik xavfsizlikni mustahkamlash barobarida ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadamdir.
Ayni paytda dunyo miqyosida suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois O‘zbekistonda islohotlarning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kelgusi uch yilga mo‘ljallangan, qiymati 5,5 milliard dollar bo‘lgan kompleks dastur suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, suv inshootlarini modernizatsiya qilish va sug‘orish tizimlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
Mazkur dastur doirasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga, ya’ni 2,6 million gektarga yetkaziladi. Natijada yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejaladi, atmosferaga chiqadigan bug‘ gazlari hajmi esa 200 ming tonnaga qisqaradi. Bu yo‘nalishga 2026 yilning o‘zida 3 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallarni beton bilan qoplash ishlari amalga oshirilib, bu orqali qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi. Ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham alohida dastur qabul qilinib, uning dastlabki bosqichi uchun 2026 yilda 100 million dollar ajratiladi.
Qashqadaryo viloyatidagi “Paxtaobod” kanalini bosimli quvur tizimiga o‘tkazish bo‘yicha 134 million dollarlik loyiha esa ushbu yo‘nalishdagi yirik va muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Bu orqali 20 ming gektar yangi ekin maydoni ochilib, yana 25 ming gektar yer kafolatli suv bilan ta’minlanadi.
Shaharlarda “yashil” hududlarni kengaytirish, mikroiqlimni yaxshilash ham davlat siyosatida alohida o‘rin tutmoqda. Jumladan, 160 million dollarlik dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar ta’mirlanadi, 63 kilometr yangi kanallar quriladi. Bu ishlar shaharda salqin va barqaror ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “yashil” energiya manbalarini rivojlantirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan mazkur islohotlar bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kelajak avlod manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning barqaror taraqqiyot, ekologik xavfsizlik va iqtisodiy o‘sish yo‘lida qat’iyat bilan olg‘a ilgarilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA