Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil taraqqiyot uchun!” g‘oyasi bilan
15:05 / 2023-06-10

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayev 9 iyun kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Ekologik partiyasi faollari va mahalliy kengashlar deputatlari, olimlar, mahalla faollari, ta’lim, tibbiyot sohasi vakillari, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab nomzodning ishonchli vakili uchrashuv qatnashchilariga Abdushukur Hamzayevning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayev saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

Saylovoldi dasturi partiyaning maqsad va vazifalariga hamohang holda ishlab chiqilib, unda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etish asosiy maqsad etib belgilanganligi ta’kidlandi.  

Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ishlab chiqiladi. Ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikatsiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslar, xususan, Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O‘rmon kodeksida mustahkamlanadi.

[gallery-12278]

Shaharlar Bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi, yangi turar joylar qurilishida “yashil zonalar” aholining soniga mutanosib ravishda bo‘lishi zarurligi talabi qonunchilikda belgilanadi.

Yashil hududlar, tog‘ yon bag‘irlari, daryo va ko‘llar sohillaridagi har qanday qurilishlar ekologik ekspertiza va jamoatchilik nazoratidan so‘ng amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Xavfli chiqindilar, tibbiyot va biologik hamda qurilish chiqindilarini boshqarish va qayta ishlashni tartibga soluvchi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilinadi.

Biologik xilma-xillik va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturidan hayotiy muhim masalalar o‘rin olgani, xalqimiz, jamiyatimiz, davlatimiz farovonligi bilan bog‘liq tashabbuslar ilgari surilayotgani, ushbu tashabbuslar bugungi kundagi dolzarb muammolar yechimiga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish mamlakatning barqaror rivojlanishiga, xalqning farovon hayotiga zamin yaratishini ta’kidlashdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA