O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekilishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat Kengashi davlatimiz rahbarining ana shu Murojaatnomasiga javoban “Yashil taraqqiyot uchun birlashaylik!” degan shior ostida yangi tashabbus bilan chiqdi.
Ana shu tashabbusga ko‘ra, partiya faollari va hamkorlari Tuproqqal’a tumanining cho‘l hududida saksovul ko‘chatlarini ekish aksiyasini tashkil etdi.

Tashkil etilgan aksiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘linmasi, O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamkorligida amalga oshirildi.
– Saksovullar sahro tuprog‘ini shamollardan pana qilib, eroziya tarqalishining oldini oladi. Bu esa hududlar cho‘llashuvi oldini olib, sahro ekosistemasi saqlanib qolishini ta’minlaydi, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi raisi Kamolbek Jumaniyozov. – Har yili 200 gektar yer maydoniga 200 ming tup saksovul ko‘chati, 9 ming 800 gektariga saksovul urug‘i ekiladi. Mazkur aksiya davomida ham 3 mingdan ortiq saksovul ko‘chatlari ekildi. Ular joriy yilning o‘zida shakllanib, ushbu cho‘l hududda saksovulzor hosil qilandi. Yaqin kelajakda o‘rmonga aylanadi.

Aksiya doirasida hamkor tashkilotlar vakillari, partiyaning “Ekologiya va salomatlik” ayollar klubi, “Yosh ekologlar” qanoti faollari hamda ko‘ngillilar ishtirok etgan mazkur aksiyada dastlab mutaxassislar tomonidan saksovul urug‘i hamda ko‘chatini ekish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Endilikda viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilishi kutilayotgan aksiyalarni samarali va belgilangan talablar asosida tashkil etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
– Aksiyaning asosiy maqsadi — cho‘llanish jarayonini sekinlashtirish, qum ko‘chishining oldini olish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini kamaytirish hamda yashil hududlarni kengaytirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xorazm viloyat kengashi axborot xizmati rahbari Ma’mura Husinova. – Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirish ham mazkur aksiyaning muhim vazifalaridan biridir. Keyingi bosqichlarda ommaviy axborot vositalarini hamda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan keng auditoriyali bloggerlarni ham aksiyaga jalb qilmoqchimiz.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan, tashabbuskorlik va faollik namoyon etgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari