FOTOREPORTAJ
Respublikamizda o‘rmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida 2022-2026 yillarda 50 ming gektar “Yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha chora-tadbirlar asosida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida Tuproqqal’a tumani hududida o‘tkazilgan saksovul ekish tadbirlari ayni yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Orolbo‘yi hududida ekologik ahvol keskinlashuvi – zamondoshlarimizni tashvishga solayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa global muammolardan. Yirik mintaqaviy ekologik halokat Orolbo‘yi aholisi, shu jumladan, Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan aholining katta qismiga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolayotgani yo‘q. Shamol qurigan hududdan ko‘tarilgan qum va tuzni uchirishiga qarshi chora ko‘rish uchun sun’iy o‘rmonlar bunyod qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois yiliga 10 ming gektar o‘rmon tashkil qilinmoqda.
[gallery-15669]
Bu galgi saksovul ekish aksiyasida belgilangan reja asosida Xorazm davlat o‘rmon xo‘jaligi Tuyamo‘yin o‘rmon bo‘limi o‘rmon fondi yerlarida “Yashil qoplamalar” himoya o‘rmonzorlarini barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar, xususan, 9 ming 800 gektar maydonga saksovul urug‘i, 200 gektar maydonga saksovul ko‘chati ekish ishlari bajarildi.
Aksiya avvalida so‘z olganlar ushbu xayrli ish bir necha yillardan buyon uzviy davom qilib kelayotganini alohida ta’kidladi. So‘ng saksovul ekish tadbirlari qanday talablar asosida olib borilishi bo‘yicha ishtirokchilarga amaliy tushuntirish berildi.
Ma’lumki, Orol dengizidan uchgan zararli tuzlar garmsel shamollari orqali yurtimizning boshqa hududlariga tarqab, qishloq xo‘jaligi hosildorligini 20-30 foizga kamaytirmoqda. Ekilayotgan cho‘l o‘simliklari ana shunday salbiy holatlar va ekologik favqulodda vaziyatlarning oldini oladi. Saksovul o‘sgan joyda gumus paydo bo‘lishni boshlaydi. Gumus paydo bo‘lgan yerda esa boshqa o‘simliklar ham o‘sadi. Shu bois bu kabi tadbirlarning ahamiyati juda katta.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA