Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil qalqon” kengaymoqda
12:14 / 2015-04-03

Buxoro viloyatida eni 10, uzunligi 197 kilometr bo‘lgan saksovulzorlar barpo etilmoqda.

Buxoro viloyatida eni 10, uzunligi 197 kilometr bo‘lgan saksovulzorlar barpo etilmoqda.

“Yashil qalqon” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan 197 ming gektar cho‘l daraxtlari shimoli-g‘arb va g‘arb tomondan Qizilqum sahrosiga yondosh kengliklardagi ekinzorlarni tabiiy ofatlardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega.

– Yozning ayni chillasida esadigan sahroning issiq shamoli – garmsel dehqonchilikka, ayniqsa, paxtachilikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi Buxoro viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi Farhod Jumayev. – U tuproqda nam bo‘lmagan hollarda g‘o‘za guli va ko‘sagini qovjiratadi. Issiq shamol cho‘lga yaqin paxta maydonlari hosildorligining 5-7 sentner kamayishiga olib keladi. Garmsel yo‘liga g‘ov qo‘yish, uning ta’sirini kamaytirish, shuningdek, Orol dengizidan ko‘tarilib, shamol orqali ekin maydonlari uzra yopiriladigan zararli modda va tuzlarning muayyan qismini ushlab qolish va qum ko‘chishining oldini olishda “yashil qalqon” o‘ziga xos ishonchli tabiiy ihota vazifasini o‘taydi.

“Yashil qalqon” loyihasi cho‘l o‘simlik dunyosini ko‘paytirish, muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishda muhim ahamiyatga ega. Loyiha doirasida G‘ijduvon, Shofirkon, Peshku, Romitan, Jondor, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlarining sahro hududlari bo‘ylab saksovulzorlar barpo etilmoqda.

Buxoro markaziy davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Abdurazzoq Boboqulovning ta’kidlashicha, joriy yilning dastlabki uch oyida 2 ming 20 gektar maydonga bir million tupdan ziyod cho‘l ko‘chatlari o‘tqazildi. Bundan tashqari, mazkur maydonlarga saksovul urug‘i ham ekildi. O‘rmon xo‘jaliklarida 71 gektar maydonda nihol yetishtirilayotgani, kuzda esa pishgan saksovul urug‘i yig‘ishtirilib, zaxira yaratilgani ishning muvaffaqiyatini ta’minlamoqda.

Buxorolik o‘rmonchilar “Yashil qalqon” loyihasini kuzda davom ettirishga ham puxta tadorik ko‘rayotir. Rejaga ko‘ra, noyabr-dekabr oylarida 6 ming gektarga yaqin maydonga saksovul ko‘chatlari ekiladi.

Loyihaga kirishilgandan buyon o‘tgan qariyb 14-yil vaqt mobaynida jami 81,5 ming gektar maydonda “yashil qalqon” barpo etildi. Bu ish davlat byudjeti va xo‘jaliklar mablag‘lari hamda viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining homiyligi ko‘magida amalga oshirilmoqda.