Joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz bo‘yicha 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, 257ta yashil bog‘lar barpo etish, yashillik darajasini 14.1 foizga yetkazish, 112ta sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etish chora-tadbirlari belgilanib, shundan bahorgi mavsumda 125 mln tupdan ziyod nihollar o‘tqazildi. Kuzgi mavsumda esa 75 mln tup mevali va manzarali ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda aksar hududlarda ishlar davom etmoqda.
Lekin ana shu “Yashil makon”larni saqlab qolish, ko‘chatlarni turli hasharot va kasalliklardan himoya qilishimiz – bu minglab insonlarning mehnati va sarflanayotgan millionlab mablag‘larning samarasini ko‘rishimizga xizmat qiladi. To‘g‘ri, bu borada Ekologiya qo‘mitasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xodimlari bilan hamkorlikda daraxt va buta ko‘chatlarini o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklaridan himoya qilish chora-tadbirlarini olib bormoqda. Lekin maxsus texnikalarning yetishmasligi bu ishlarning keng miqyosda tashkil etish imkonini bermasdi.
Ushbu dolzarb masalaga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilib, soha xodimlari uchun zarur texnikalar xarid qilindi. Jumladan, poytaxtimizda Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligining “Yashil hudud” DUKning hududiy bo‘linmalariga ushbu texnikalar tantanali ravishda topshirildi.
Manzilli dasturga asosan 14 donadan suv tashuvchi avtomashina, va yana shuncha miqdorda harakatlanuvchi kompressor, 1 tonna sig‘imli idishlar, 28 donadan maxsus suv purkagich va yana shuncha moto arralar va 98 dona boshqa jihozlar “Yashil hudud” korxonasining hududiy bo‘linmalari ixtiyoriga berildi.
Jami qiymati qariyb 6 mlrd so‘mga teng bo‘lgan ushbu asbob-uskunalar va mobil laboratoriyalar Respublika byudjeti hisobidan xarid qilindi. E’tiborlisi, mazkur texnikalar Samarqand shahridagi “Samavto” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan.
Ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar eng avvalo respublikada iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiat musaffoligini asrash, cho‘llanish darajasini kamaytirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda daraxtlarning kasallik va zararkunandalariga qarshi tizimli kurashish tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgandir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gsuVHo-c4QI" title="“Yashil makon”larni saqlab qolishda yana bir muhim qadam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA