Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxtlar o‘tqazilib, yangidan-yangi bog‘lar, yashil hududlar tashkil etilmoqda.
Bu xayrli yumushda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etish belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish, kuzgi daraxt ekish aksiyasi doirasida 60 nafarga yaqin kasaba uyushma Kengashi xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari raislari va mas’ul tashkilotchilari, faollar hamda nuroniylar Qiziltepa tumani “Malikobod” MFY hududida 2000 donadan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.

Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri