Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan, Jizzax viloyatida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llari bo‘ylarida ko‘chat ekish va yashil maydonlar barpo etish ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida 2025 yilda Jizzax vohasi avtomobil yo‘llari yoqasiga 439 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, shu yilning bahorgi ko‘chat ekish mavsumdayoq bu ko‘rsatgich 450 ming tupga yetkazilib, yillik reja bahor mavsumidayoq oshirib uddalandi. “Jizzaxyo‘lko‘kalam” davlat muassasasi ishchi-xizmatchilari “Rejani bajardik!” demasdan, ayni paytda ko‘chat ekish ishlarini amalga oshirishmoqda.
[gallery-26037]
– “Jizzaxyo‘lko‘kalam” davlat muassasasi tomonidan 700 mingga yaqin ko‘chat parvarishlanmoqda, – deydi muassasa direktori Shaxboz Kamolov. – Har bir ko‘chat, har bir tup nihol biz uchun mas’uliyat timsoli. Qir-adirli hududlarda suv ta’minoti tik quduqlar qazilib yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ko‘chat ekilgan joylarda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etdik. Muassasamizga qarashli ko‘chatchilik xo‘jaliklarimizda ayni paytda 450 ming tup ko‘chat zaxirasi yaratilgan.
Yo‘l bo‘ylariga asosan terak, katalpa, yassin, safura va qayrag‘och turlari ekilayotgani nafaqat hududning ekologik holatini yaxshilaydi, balki yo‘llar uzra musaffo muhit, go‘zal manzara ham yaratadi. Har bir ko‘chat uchun mas’ul xodim biriktirilgan bo‘lib, ularning vazifasi daraxtlar ildiz otib, ko‘karib ketguniga qadar davom etadi. Bu tizimli yondashuv “Yashil makon” dasturining hayotbaxsh mazmunini yaqqol namoyon etadi.
Yo‘l qurilishi sohasida ham Jizzaxda muhim amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Prezidentimizning 2024 yil 15 apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori asosida viloyatdagi 6 ta yo‘l ob’ektida qurilish ishlari olib borilmoqda.
G‘allaorol tumanidagi 4K–237 davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining 14–36-kilometrlik masofasida “Trans Logistik” MCHJ ishchilari tomonidan rekonstruksiya va qayta qurish ishlari xalqaro talablar asosida amalga oshirilmoqda. Bu jarayonga 50 nafarga yaqin ishchi-xizmatchi va 30 dan ortiq texnika jalb etilgan.
Yo‘l qurilishida suv o‘tkazish inshootlari yangidan qurilib, tuproq va shag‘al yotqizish ishlari deyarli yakuniga yetdi. “Nurli To’lqin” xolding kompaniyasi tizimidagi G‘allaorol tumanida joylashgan “Trans Logistik” MCHJ sexida sement-beton qoplamasi tayyorlash ishlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Ushbu 4K–237 avtomobil yo‘lidagi rekonstruksiya, ta’mirlash va qurilish ishlari esa belgilangan grafik asosida olib borilmoqda.
– Bugungi kunda viloyatda amalga oshirilayotgan yo‘l qurilishi fuqarolarimizga qulaylik yaratish, ularning hayotini yengillashtirishga qaratilgan, – deydi Jizzax viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi texnik kuzatish va qabul qilish bo‘limining boshlig‘i Alisher Sa’dullayev. – Har bir metr asfalt va har bir beton qatlami xalqning ertangi qulay turmushi uchun yotqiziladi. 4K–237 davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning sifati a’lo darajadaligini shu o‘rinda alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
– Ko‘kdala, Bo‘ston, Ko‘tal va Oqtosh qishloqlari G‘allaorol tumanining eng chekka qishloqlaridan haisobladi., Samarqand viloyatining Payariq tumani chegarasida joylashgan bo‘lib, Marjonbuloq shaharchasidan salkam 30 kilometrt uzoqlikda joylashgan, – deydi, nafaqadagi mehnat faxriysi, Ko‘kdala qishlog‘i oqsoqoli Ne’matulla Hojiyev. – Biz yillar davomida loy va changdan, yo‘llarimizning abgor holatga kelib qolganidan aziyat chekdik. Endi esa yo‘llarimiz tekis va xavfsiz. “Trans Logistik” MCHJ ishchilari sidqidildan mehnat qilishmoqda.
Xalqparvar siyosat yuritayotgan Prezidentimizdan va shu to‘rt qishloq aholisi manfaatlarini o‘ylayotgan yo‘lsozlardan behad minnatdormiz.
Yo‘l qurilishi va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining uyg‘un olib borilishi islohotlar mazmunini yaqqol namoyon etadi. Toza havo va ravon yo‘l – xalq farovonligining ikki asosiy ustuni htsoblanadi.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/KZo-0PTXeMY" title="Yashil makon" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video+surat), O‘zA muxbirlari