Yurtimizga bahor nafasi kirib kelishi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, hududlarni obodonlashtirish va yashil maydonlarni kengaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi izchil davom etmoqda. Fevral–mart oylarida ayniqsa faol tus olgan mazkur tashabbus doirasida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilyapti.

Xususan, Guliston tumanida ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda tashkil etilgan. Ahillik mahallasida 3 gektar yer maydoni tekislanib, manzarali va soyali daraxt ko‘chatlari ekildi. Tadbirda tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev boshchiligida tashkilot va idoralar rahbarlari, nuroniylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Barcha hamjihatlikda mehnat qilib, mahalla hududini yanada ko‘rkamlashtirishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Loyiha doirasida jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlari ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Yuksalish harakati Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi va “Eko-sfera” nodavlat notijorat tashkiloti homiyligida Guliston shahar 6-sonli umumta’lim maktabida “Bir million daraxt” aksiyasi o‘tkazildi. Shuningdek, Sardoba Universal Cluster tomonidan 1 gektar yer maydoniga 2 500 dan ortiq qayrag‘och ko‘chatlari ekildi.

Xovos tumanida ham do‘stlik va birdamlik ruhida hasharlar tashkil etildi. Obodonlashtirish ishlari mahallalar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, aholi kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu tashabbusda nafaqat davlat va jamoat tashkilotlari, balki fuqarolar, yoshlar va tadbirkorlar ham faol qatnashishmoqda. Bu esa yashil hududlarni ko‘paytirish va asrash umumxalq harakatiga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Eng muhimi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar izchil davom ettirilib, har bir hududda yangi bog‘ va yashil maydonlar barpo etish rejalashtirilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri