Bugungi kunda butun dunyoda ekologik o‘zgarishlar kuzatilmoqdaki, natijada atrof-muhitni muhofaza qilish dolzarb muammolardan biriga aylanib bormoqda.
Yurtimizda ham atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan. Mana bir necha yildirki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Natijada daraxt va buta ko‘chatlari ekish, bog‘lar barpo etish, yashil maydonlarni kengaytirish, sanoat hududlarini ihotazorlashtirish respublikamizda ommaviy harakatga aylandi.

2025 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Navoiy viloyatida kuz mavsumida 8 million 842 ming dona manzarali, mevali daraxtlar va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirib berilgan.

Mazkur ko‘chatlar ekish jarayoni 11 ta shahar va tumanlar hamda 15 ta soha kesimida taqsimot qilingan. Viloyat hokimligining 1 noyabrdan 10 dekabrgacha dolzarb 40 kunlik reja-grafigi ishlab chiqilgan. Unga asosan nazorat shtabi faoliyat yuritib, har kunlik monitoring olib borilmoqda.

Karmana tumanida 200 gektar yerga yangicha tartib bo‘yicha markazlashgan holda 80 ta korxona va tashkilotlar tomonidan ko‘chatlar ekish ishlari boshlandi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi keksa otaxonlar duosini olib, daraxtlar ekilishiga start berdi va ilk ko‘chatlarni yerga qadadi.
Har bir ekin maydoni sug‘orish tizimlari va suv bilan ta’minlangan. Buning uchun 20 ming kub/metr hajmdagi maxsus ikkita hovuz tayyorlangan. Shuningdek, ayrim hududlarda ariqdan, quvurlar orqali sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

– Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan ustuvor vazifalardan biri bu “Yashil makon” loyihasidir. Loyiha doirasida viloyatning shahar va tumanlari, qishloqlarida yangi bog‘lar, so‘lim xiyobonlar, yashil hududlar tashkil etish belgilab berilgan edi, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Federatsiyaning Navoiy viloyati Kengashi xodimlari ham “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida faol ishtirok etib, 3 ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari ekdi. Kuzgi daraxt ekish aksiyasi doirasida 50 nafar xodimimiz ishtirok etdi.


Shuningdek, loyiha doirasida M-37 avtomagistral yo‘lining Karmana tumanidan o‘tgan qismidagi 300 gektar yerda viloyatning yirik korxonalari – “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ko‘chat ekish ishlari olib boriladi. “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan esa Konimex tumanining Zafarobod shaharchasi hamda Uchquduq tumanida ajratilgan yer maydonlarida yashil makonlar tashkil etiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri