Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda
17:26 / 2023-10-20

Bugungi kunda butun dunyoda iqlim o‘zgarishi natijasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish zarurati paydo bo‘lmoqda. Shuning uchun ham yangi o‘n yillikning asosiy yo‘nalishlaridan biri bu atrof-muhitni muhofaza qilishdir.

Yurtimizda ham atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 2021 yil noyabr oyida boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi va Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi”ning e’lon qilinishi “yashil” yo‘nalish O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligidan dalolat beradi.  

2023 yil 11 oktyabr kuni Prezidentimiz turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aholining daraxt ekishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va rag‘batlantirish ishlarini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidlagan holda chiqindi poligonlari atrofida va yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘” yaratish, dala chetlarida, barcha korxona, tashkilot va muassasalar hududida ko‘chatlar ekish zarurligini ta’kidlagan edi.  

– Navoiy viloyatida ham videoselektorda belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda kuz mavsumida 5 million 973 ming dona daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirildi, – deydi viloyat Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurali Boltayev. – Ko‘chatlar avtomobil va temir yo‘l yoqalari, klaster va fermer xo‘jaliklari ekin yerlari hamda dala chetlari, o‘rmon fondi yerlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari ob’ektlari, mahallalar hududlariga ekiladi. Shuningdek, bog‘, tok va tutzorlar barpo etilib, yangidan “Yashil bog‘lar”, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi yirik sanoat korxonalari hududida “yashil belbog‘lar” tashkil etiladi.  

Shuningdek, ko‘chatlar narxining asossiz oshib ketmasligi uchun joylarda 11 tadan ortiq ko‘chat yarmarkalari va savdo nuqtalarini tashkil etish belgilandi. Viloyatda yirik sanoat korxonalari atrofida ekologik muhitni yaxshilash uchun 204,2 gektar yer maydonlarida 186,2 ming dona ko‘chatlar ekilib, “Yashil belbog‘lar” tashkil etiladi. Ayni paytda barcha tuman va shaharlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumiga start berilmoqda.  

A.Bo‘riyev, O‘zA