Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yashil makon" umumilliy loyihasiga Madaniyat vazirligi ham munosib hissa qo‘shmoqda
17:08 / 2023-12-03

"Yashil makon" umumilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda ushbu vazirlik tizimidagi ijodiy tashkilotlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bog‘ barpo etdi.

Erta tongdanoq vazirlik tizimi xodimlari ko‘chat o‘tqazishi uchun belgilangan hudud madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan gavjum bo‘ldi. E’tiborga molik jihati, ushbu ezgu  jarayonda ishtirok etish uchun ko‘pchilik oila a’zolari, farzandlari bilan keldi.

Tog‘ yonbag‘ridagi besh gektarli hududda  bog‘ barpo etish uchun besh ming tupdan ziyod mevali va manzarali ko‘chatlar keltirildi. Ona-tabiat,  cho‘qqisini oppoq qor qoplagan purviqor tog‘lar, xushmanzara maskanlar yilning qaysi  payti bo‘lishidan qat’iy nazar, baribir,  ko‘z uzib bo‘lmas darajada go‘zal va maftunkor! Vazirlik uchun ajratilgan hudud ham juda xushmanzara Bo‘stonliqning betakror ko‘rinishini o‘zida ifoda etgan joy ekan.

— Biz ham qishloqda o‘sib katta bo‘lganmiz, — dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. — Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish biz uchun bolaligimizdan qadrdon qadriyatlarimizdan. Vazirlik tizimida yuz ming tupdan ortiq ko‘chat o‘tqazish ko‘zda tutilgan. Bunday savobli yumush hozirda butun mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz ona-tabiatni avlodlarga sof holda yetkazish ekan, buning uchun "Yashil makon" rostmana umummilliy harakatga aylanmog‘i zarur.

— Xalqimizda ko‘chat ekib, bog‘ yaratish bejizga savobli yumush sanalmagan, — dedi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Bekanzarov. — Biz o‘tqazgan ko‘chatlar ko‘kka bo‘y cho‘zib, katta daraxtlarga aylansa, ularning soyasidan, mevasidan odamlar bahramand bo‘lsa, ko‘zlagan maqsadimizga erishgan bo‘lamiz.

 — Mumtoz musiqa cholg‘usi borki, bari daraxt bilan bog‘liq, — dedi O‘zbekiston xalq artisti, Yunus Rajabiy nomidagi "Maqom" ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov. — Negaki, mumtoz musiqa  cholg‘usining bari yog‘ochdan ishlangan. Daraxtsiz soz yo‘q, daraxtsiz hayot ham yo‘q. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan "Yashil makon"  umumilliy loyihasi,  eng avvalo, xalqimiz, yosh avlod uchundir.  

Shu kuni Bo‘stonliq tog‘ yonbag‘rida yana bir ko‘rkam bog‘ barpo etildi. Madaniyat va san’at vakillari ishtirokidagi ushbu xayrli aksiya kuy-qo‘shiq, askiya bayramiga aylanib ketdi. Unda turli yoshdagi soha vakillari faol ishtirok etdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA