Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil makon” – tabiat oldidagi mas’ulligimiz, kelajak avlod oldidagi majburiyatimiz
09:38 / 2022-02-18

Davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yil 9 sentyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga tatbiq etish va hududlarda har yili kamida 200 million tup daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Shu yilning 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa “Yashil makon” umummilliy loyihasini yil davomida amalga oshirish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, mahallalarning tozaligi va obodligini ta’minlash masalalari bugungi kundagi eng muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.  

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, biz ham Samarqandda amalga oshiriladigan ishlarni belgilab oldik, reja va dasturlarimizni tasdiqladik. bugungi kunda viloyatimizda yuksak ekologiya madaniyatini shakllantirish hamda mahallalarning toza va obodligini ta’minlash, gulzorlar va yashil hududlarni tashkil qilish bo‘yicha soha mutaxassislari, ilmiy xodimlarni jalb etgan holda viloyat ishchi guruhi tuzilib, xatlov ishlari amalga oshirilmoqda. Tashkil etiladigan har bir “yashil hudud”da o‘sha joyning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab ekish va tomchilatib sug‘orishni joriy etish, daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha mas’ul biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbari yurtimizdagi har bir xonadon ikkitadan, har bir tashkilot beshtadan daraxt ekishi va buni “O‘zbekiston tajribasi” sifatida ommalashtirish g‘oyasini ilgari surdilar. 

Biz ishonamiz, barcha samarqandliklar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, unda faol ishtirok etadilar. Daraxtni ko‘paytirsak, atrof-muhit musaffoligini saqlashga hissa qo‘shgan hamda kelajak avlod oldidagi majburiyatimizni bajargan bo‘lamiz. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgi kunda viloyatimizda 33 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari mavjud. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ushbu mavsumda viloyatimizda 16 million 388 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari va butalari ekilishi rejalashtirilgan. 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida, ya’ni “dolzarb 40 kunlik” davomida 6,2 million tup ko‘chat ekilgan bo‘lsa, 2022 yil bahor mavsumida yana 10 million tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekamiz. Biz daraxt ko‘chatlari ekishda o‘zimizning an’anaviy qayrag‘oya, shumtol, terak, chinor, tut, jiyda, zarang, akatsiya daraxt ko‘chatlari bilan birga, kashtan, lola daraxti, oq qayn, eman, yapon saforasi, katalpa singari daraxt va turli xil buta nihollarini ekishga e’tibor qaratyapmiz. Xalqimizda ekilgani emas, ko‘kargani hisob, degan gap bor. Shundan kelib chiqib, biz asosiy e’tiborni ko‘chat ekish, sonini ko‘paytirishga emas, uning ko‘karashi, parvarishlashga qaratamiz.  

Davlatimiz rahbari ham bunga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab, ekilgan daraxt ko‘chatlarining avvalo sug‘orish tizimi bo‘lishi, parvarishlash, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha tizim yaratish yuzasidan hokimliklar oldiga aniq vazifalarni belgilab berdilar. Viloyatimizda dastur doirasida 234 kilometr uzunlikda tomchilab sug‘orish tarmoqlari tortiladi, 289 ta sug‘orish qudug‘i barpo qilinib, 11 ta nasos agregatlari o‘rnatiladi. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ayni paytda Samarqand shahridagi Qorasuv massivida 50 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo qilinmoqda. Cho‘ponota tepaliklarida yashil hudud yaratilib, 186 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar asosida daraxtzorlar barpo qilinadi. Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti hududida 6 gektar maydonda “Mirzo Ulug‘bek bog‘i” ni qayta tashkil etishni rejalashtirganmiz. Hozirda viloyat miqyosida 5 million 61 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan elektron hisobga olingan. “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida ekilayotgan ko‘chatlarning ham barchasi mazkur ro‘yxatga kiritiladi. Ularning kelgusi taqdiri boshqarma mas’ullari nazoratida bo‘ladi. Kelajak avlod bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi uchun biz tabiatga mehr va e’tibor berishimiz, u bilan uyg‘un bo‘lib yashashimiz kerak. Bu – tabiatni toza-ozoda tutish, yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrash dekmakdir. 

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Agar shu yurt, shu tuproq biz uchun muqaddas bo‘lsa, nima uchun uni toza-ozoda saqlamasligimiz kerak? Erta-indin yurtimizda bahor fasli boshlanadi. Bugun allaqachon, qir va adirlarimiz yashil libos kiya boshladi, tabiat uyg‘onmoqda. Bahorning har bir kuni, har bir lahzasidan samarali foydalanib, viloyatimizni bog‘u bo‘stonga aylantirishga, atrofimizda tabiiy va muassafo tabiat yaratishga hissa qo‘shaylik. Bu maqsadimizga erishish uchun barcha samarqandliklarni “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etishga chaqiraman!  

<iframe width="1350" height="488" src="https://www.youtube.com/embed/-2Hb7p-Watk" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>


Erkinjon Turdimov,  
Samarqand viloyati hokimi 
O‘zA