Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashil makon: natija kutilgandek bo‘ladi
18:00 / 2024-12-30

Farmon va ijro

So‘nggi yillar “Yashil makon”  umummilliy loyihasi bo‘yicha hududlarda iqlimga mos ko‘chatlar ekish va parvarishlashga alohida ahamiyat berilmoqda.  

Jumladan, Toshkent viloyatida 2024 yil bu boradagi sa’y-harakatlar asosida kuz mavsumida 6 million 488 ming tup mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu ishlar 106,7 foizga bajarildi.  

Xususan, Toshkent viloyati hokimining tegishli qaroriga asosan tuman-shaharlarda mavjud joylarga mos tarzda mevali va manzarali ko‘chatlarni tanlash va ekish rejasi belgilab berilgan. Shu bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va paxtachilik-g‘allachilik klasterlarning dalalari chetlarida ihota barpo qilindi va 1 million 649,9 ming tup ko‘chatlar ekildi. Hududlarda yangi bog‘lar, tokzorlar va yangi tutzorlar barpo etish uchun 980 ming 810 tup mevali ko‘chatlar ajratilib, manzilli tarqatildi.  

Bundan tashqari, mahalla fuqarolari yig‘inlari, aholi tomorqalari atrofi, Obodonlashtirish boshqarmalari hududlarida ham yashil hududlar tashkil etish choralari ko‘rildi. Ayniqsa, o‘rmon fondi yerlarida yangi daraxtzorlar barpo etishga alohida e’tibor qaratildi. Avtomobil va temir yo‘l bo‘ylari, daryolar, kanallar, ariqlar va zovurlar bo‘ylari tartibga keltirildi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, atrof-muhitga ta’sir xavfi bo‘yicha yuqori va o‘rta darajadagi xavfli toifalarga mansub sanoat korxonalari tomonidan “Yashil belbog‘”lar barpo etildi. Chiqindi poligonlari atrofida ihota daraxtzorlar barpo qilindi.

Bundan tashqari, viloyat hududidagi I-II toifaga mansub metallurgiya, kimyo, energetika va sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 146 ta sanoat korxonalari tomonidan 502 ming tup ko‘chat ekib “Yashil belbog‘”larni barpo etish ishlari tegishli tartibda amalga oshirilmoqda. Hozircha 0,50 gektardan kam bo‘lmagan 46 ta maydonda bog‘lar tashkil etilishi belgilangan bo‘lsada, bugungi kunga qadar bu reja bor yo‘g‘i 17 ta tuman-shahar hokimliklari tomonidan 2 tadan tashkil qilingan. 

Prezidentning 2023 yilning 23 noyabridagi “Respublikada yashillik darajasini yanada  oshirish, ”Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoniga asosan 2024-2026 yillarda jami 441,0 gektar Toshkent shahri atrofida “Yashil belbog‘”lar barpo etiladi. 

“Koreya tajribasi” asosida Nurafshon shahrining 5,48 gektar yer maydonida “Yashil makon” maskanlari tashkil etildi. Bekobod shahri, O‘rta Chirchiq, Ohangaron va Toshkent tumanlarida ham shu kabi ishlar qilinadi. 2025 yilda esa viloyatda bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirish, mavjud bog‘lardagi ko‘chatlar parvarishini ta’minlash choralari ko‘riladi.  

A.Musayev, O‘zA