Tabiat — inson hayotining abadiy hamrohi. Daraxt ekish esa aslida bugunni emas, kelajakni barpo etishdir. Shu ma’noda, O‘zbekiston bo‘ylab start olgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi — nafaqat ekologik, balki ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi keng ko‘lamli tashabbusdir.
O‘zbekiston Prezidenti raisligida joriy yilning 26 sentyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bu yilgi kuz mavsumida 125 million tup, 2026 yil bahorida esa yana 75 million tup daraxt ekish vazifasi belgilandi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi “2025–2026 yillarda ‘Yashil makon umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayonini tasdiqladi. Hujjatda nafaqat har bir hudud uchun ekish rejalari, balki sanoat zonalari va korxonalar atroflarida “yashil belbog‘lar” barpo etish ko‘rsatkichlari ham belgilab berilgan.
Shunga ko‘ra, 5 noyabrdan boshlab mamlakatning barcha hududlarida “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi rasman boshlandi. Ekish ishlarini tizimli olib borish maqsadida, 8 noyabrdan “dolzarb bir oylik” e’lon qilindi. Bu davrda tuman va shahar kesimida ko‘chat ekish, ularni parvarishlash, suv bilan ta’minlash va monitoring jarayonlari izchil tashkil etiladi.
Bu tadbirlar orqali har bir hududda ekiladigan daraxt turlarining mahalliy iqlimga mosligi, parvarish texnologiyasi va suv tejamkorligi masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, hududiy rahbarlar va tarmoq vakillarining mas’uliyati ham qat’iy nazoratga olinadi.
Mavsum boshidan “yashilmakon.eko” elektron platformasi to‘liq ishga tushirildi. Endilikda barcha prognoz ko‘rsatkichlari tuman va shaharlar kesimida tizimga kiritildi. Muhimi, bu jarayon endi ikki tomonlama nazorat ostida bo‘ladi: davlat ekologiya inspektorlari bilan bir qatorda, hududiy prokuratura organlari vakillari ham ekilgan daraxtlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashda ishtirok etadi. Bunday yondashuv nafaqat shaffoflikni ta’minlaydi, balki “raqamli ekologiya” tamoyilini hayotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadamdir.
Bir so‘z bilan aytganda “Yashil makon” bugungi avlodning tabiatga nisbatan munosabati hamda mas’uliyatini ifodalaydi. Daraxt ekish esa — bu shunchaki bir aksiyada qatnashish emas, balki farzandlarimiz uchun sof havo, barqaror iqlim va go‘zal manzarani yaratib, uni meros qoldirishdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UosK10r9Cpc" title="Yashil makon”: mamlakat bo‘ylab kuzgi ko‘chat ekish ishlari start oldi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U. To‘xtayev, O‘zA