Butun mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamda o‘tkazilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Namangan viloyatida ham kuzgi nihol ekish mavsumi jadallik bilan olib borilmoqda.
Mazkur jarayonda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi xayrli tashabbus bilan chiqdi. “Tozalik va ozodalik oyligi” munosabati bilan bir vaqtning o‘zida viloyatdagi mavjud 754 mahalla hududlarida manzarali nihollar ekildi.
Kosonsoy tumanida bo‘lib o‘tgan jarayonlarda tuman jamoatchiligi bilan bir qatorda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ham ishtirok etdi.
Kuzgi daraxt ekish mavsumida tuman hududi, iqlimi va tuproq sharoitlariga mos bo‘lgan ko‘chatlarni tanlash, kelgusidagi parvarishi uchun mas’ullar biriktirish, mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Qayd etish joizki, Kosonsoyda “Yashil makon”ning kuzgi mavsumida 840 ming tup manzarali ko‘chatlar o‘tqazish rejalashtirilgan.
Chortoq tumanidagi mavjud 55 ta mahallada uyushtirilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ommaviy ko‘chat ekish tadbirlari ko‘tarinki ruhda va hamjihatlikka asoslangan holda amalga oshirildi. Ularda keng jamoatchilik, hokimlik va tuman tashkilotlari xodimlari, yoshlar g‘ayrat ko‘rsatdi. Ko‘chat ekish ishlari milliy an’analar ruhida, karnay-surnay sadolari ostida boshlanib, aholining kayfiyati ko‘tarinki muhitida o‘tdi.
Tadbirda hozir bo‘lgan “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limi raisi, senator Ikromxon Najmiddinov 2025 – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ko‘rkam va obod hududlar yaratish hamda ekologiyani muhofaza qilishning ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Darhaqiqat, “Yashil makon” loyihasi nafaqat hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, balki ekologik madaniyatni oshirish, tabiatni asrash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
[gallery-26260]
Quvonarlisi shundaki, ushbu ezgu tashabbus faqatgina ko‘kalamzorlashtirishga emas, balki odamlarni yanada birlashtirmoqda. Mahalla ahli, faollar, yoshlar va keksalar bir safda mehnat qilib, o‘zaro hurmat va ahillik ruhini yanada mustahkamladilar. Buning natijasi o‘laroq, tumanda 55 ming tup mevali va manzarali nihollar ekildi.
Uchqo‘rg‘on tumanida atrof-muhitni sog‘lomlashtirish va yashil hududlarni ko‘paytirish maqsadida “Yashil makon” loyihasi izchil davom etmoqda. Tuman markazidagi 2-son politexnikumida xayrli loyiha doirasida navbatdagi ommaviy ko‘chat ekish tadbiri bo‘ldi. Unda tuman rahbarlari, yoshlar, nuroniylar, mahalla faollari va turli tashkilotlar vakillari faol qatnashdilar.
Bu yilgi kuzgi mavsumda Uchqo‘rg‘onda jami 750 mingdan ziyod daraxt va butalar ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda barcha mahallalar, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlar bu xayrli ishga safarbar etilgan. Tadbir davomida ko‘chatlar uchun maxsus joylar tayyorlandi, sug‘orish tizimlari yangilandi va “Tabiyatni asrash – har bir inson burchi” shiori ostida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Darhaqiqat, “Yashil makon” – birdamlik va ezgulik ramziga aylanmoqda. “Tozalik va ozodalik oyligi”ga hamohang kechayotgan tadbirlar Yangiqo‘rg‘on tumanida ham ko‘tarinki ruhda, birdamlik va hamjihatlik asosida tashkil etildi.
Mahalla hududlarida bo‘lib o‘tgan ommaviy daraxt ekish jarayonlarida keng jamoatchilik, hokimlik va tuman tashkilotlari vakillari, fuqarolar, nuroniylar qatorida yoshlar “yashil” muhitga befarq emasliklarini namoyon etdi. Xususan, Qo‘riq va Qorasuv mahallalaridagi jarayonlar karnay-surnay sadolari ostida, milliy pishiriqlar tayyorlangan holda o‘tdi. Umuman olganda, Yangiqo‘rg‘ondagi barcha mahallalarda 18 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Yangi Namangan tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Mahalla yettiligi” va faol fuqarolar hamkorligida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Erta tongdan ayni shu maqsadda mahalla binolari atrofi obodonlashtirilib, kuzgi gul va manzarali ko‘chatlar ekishga kirishildi.
Tadbirlar davomida 12 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shu jumladan, 2 ming 200 dan ziyod ko‘chat kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga, 450 dan ortig‘i yakka yolg‘iz keksalar xonadonlariga, 6 mingdan oshiq ko‘chat aholi xonadonlari hamda ko‘chalarga, 350 dan ko‘p ko‘chat esa “Mahalla bog‘lari”ga ekiladi. Natijada, 75 gektardan ziyod hudud obodonlashtirilib, mahallalarning yashillik darajasi sezilarli oshadi.
Ta’kidlash joiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hashar asosida amalga oshirilgan tozalik, ko‘kalamzorlashtirish va obodonchilik ishlari yurtimizning go‘zal qiyofasini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.