Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil makon” loyihasi: Samarqand viloyatida 16 million tup daraxt ko‘chati ekiladi
16:10 / 2021-11-13

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha shahar va qishloqlarda daraxt ko‘chatlari ekish, yangi bog‘ va xiyobonlar tashkil etish ishlari davom etmoqda.

 Samarqand viloyatida ham 2 noyabrdan boshlangan mazkur qirq kunlik davomida 16 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan.

 Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi, Samarqand tumani hokimligi va “Agroinspeksiya”ning tuman bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan birga hududdagi dalalar va yo‘l chetlarida 165 ming tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

 Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va Samarqand shahar bo‘limi xodimlari shaharning Vohid Abdullayev ko‘chasida ko‘chat ekish tadbirlarida ishtirok etib, 200 tupdan ortiq daraxt ekdi va ushbu xayrli harakatga o‘z hissasini qo‘shdi.

 – M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” xalqaro avtomobil yo‘lining tumanimiz hududidan o‘tgan 30 kilometr qismida 10 ming tup ko‘chat ekishni rejalashtirganmiz, – deydi “Samarqand yo‘l qurilish” korxonasi Paxtachi tumani uchastka boshlig‘i Abduhakim Iskandarov. – Hozirda kuniga 250-300 tup archa, qarag‘ay, sadaqayrag‘och kabi manzarali daraxt ko‘chatlari ekyapmiz.  

 “Yashil makon” loyihasida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari ham faol ishtirok etmoqda.  Xususan, Samarqand tumanidagi 54 maktab hududi va atroflarida 13,5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish mo‘ljallangan.

  – Maktabimiz hududida 6 sotixli yashil maydonimiz bor, – deydi tumanning Yuqori Turkman mahallasidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori D.Shukurova. – “Yashil makon” loyihasi e’lon qilingach, hududni ko‘zdan kechirib, hisob-kitob qilib ko‘rdik, 300 tupdan ortiq darxt ekishimiz mumkin ekan. Hozir o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz bilan shu ezgu yumushga kirishdik.

 Viloyatning barcha hududlarida loyiha doirasida keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda.

 G‘.HASANOV, O‘zA