“Yashil makon” loyihasi doirasida yangi bog‘ yaratildi
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi, "O‘zbekipaksanoat" uyushmasi xodimlari hamda Toshkent davlat agrar universitetining bir guruh talabalari ishtirokida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tut ko‘chatlarini ekish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Xodimlar ilmiy markaz hududini obodonlashtirish, yangi ko‘chatlar ekish va yashil maydonlarni kengaytirish kabi amaliy ishlarda faol qatnashdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida "Navoiy bog‘i" tashkil etilib, bir qancha nihollar qadaldi.

Ushbu amaliy harakatlar nafaqat atrof-muhitni yaxshilash, balki jamoatchilikka barqaror ekologik sharoit yaratishda o‘rnak bo‘lish maqsadida tashkil etildi.

Tizim xodimlarining bunday sa’y-harakatlari tufayli institut hududi qisqa vaqt ichida ancha obod va ko‘rkam ko‘rinishga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA