Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil makon”: kuz mavsumida 119 ming tupdan ziyod daraxt ko‘chati ekildi
14:00 / 2024-12-02

Mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasi va ekotizim barqarorligini ta’minlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning kuz mavsumida keng ko‘lamli daraxt ekish ishlari tashkil etildi.

15 oktyabrdan buyon tizimdagi boshqarma va korxonalar tomonidan jami 119 ming 594 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekilgan. Ekilayotgan daraxt ko‘chatlari hududlar iqlimi va tuproq xususiyatlariga mos ravishda tanlangan. Ilmiy-tadqiqot institutlari tavsiyasiga ko‘ra, suvsizlik va iqlim sharoitiga chidamli daraxtlar – gujum, qayrag‘och, saksovul, tuya, katalpa, zarang, shumtol, tut, jiyda, yong‘oq va terak ko‘chatlari afzal ko‘rilmoqda.  

Shuningdek, daraxt ko‘chatlarini sug‘orishda suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida 388 gektar maydonda tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatildi. Bu zamonaviy texnologiya suv tejashga va ko‘chatlarning sifatli o‘sishiga xizmat qilmoqda.  

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yil davomida umumiy hisobda 348 ming 565 dona ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 367 ming 127 taga yetkazilgan.  

“Yashil makon” loyihasi nafaqat hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, balki iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiat muhofazasiga hissa qo‘shish va kelajak avlod uchun sog‘lom ekologik muhitni yaratishga qaratilgan muhim qadamdir.  

N.Ziyodullayeva,

O‘zA