Surxondaryo viloyatidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bog‘i” barpo etildi. Ushbu tashabbus doirasida hududda o‘nga yaqin turdagi manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil hududni kengaytirishga munosib hissa qo‘shildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Anvar Normamatov ishtirok etib, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va talabalarining ezgu tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi. Yangi bog‘ning ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi. Ulug‘ niyatlar bilan ilk ko‘chatni qadab berdi.


Yangi bog‘ institut hududida foydalanilmay turgan uch gektar maydonda tashkil etilmoqda. Professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talaba-yoshlar va ko‘ngillilar hudud atrofini o‘rab turish uchun uch qator archa daraxti ko‘chatini ekdi. Shuningdek, olma, anor, olcha, gilos, anjir, behi kabi mevali daraxt ko‘chati qadaldi. Endilikda hind sireni, atirgul, hamishabahor, lola singari anvoyi gullar ekilib, manzarali mevali daraxt va gullarning noyob turlari jamlanadi.


Bog‘ni barpo etish uchun mavjud maydon tekislanib, ko‘chat ekishga moslashtirildi, deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. Sug‘orish tizimi barpo etildi. Bu bog‘ kelajakda oliy ta’lim muassasamizning biologiya yo‘nalishi talabalari uchun o‘ziga xos tajriba maydoni vazifasini ham bajaradi. Olimlar, qishloq xo‘jaligi xodimlari va talaba yoshlar nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘laydi. Qator oralarida turli noyob o‘simlik qalamchalari yetishtiriladi.

Ayni paytda yashillikka burkangan hudud vohada “Ziyolilar bog‘i” nomi berilgan yagona maskan bo‘lib, kelajakda uni yanada kengaytirish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri