Mamlakatimizda ekologik muvozanatni tiklash, yashil hududlarni kengaytirish va aholida tabiatga nisbatan e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tobora keng ko‘lam kasb etmoqda. Ushbu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi joriy mavsumda ham faol ishtirok etmoqda.
Olot chegara bojxona posti va unga tutash hududlarda obodonlashtirish ishlari izchil davom ettirilib, umumiy hisobda 6 500 tup tut, 250 tup mevali va 30 tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Bu jarayon faqatgina ko‘chat o‘tqazish emas, balki tabiatga e’tibor, ekologik tarbiya va jamoaviy birdamlikning ifodasiga aylandi.


Bu mavsumda tut ko‘chatlariga alohida ustuvorlik berildi. Zero, tut daraxti O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining qadimiy tayanchi, ipakchilikning rivojida asosiy o‘rin tutuvchi manbadir. Uning ko‘payishi iqtisodiy samaradorlikni oshirishi, mikroiqlimni yaxshilashi, atmosferaga zararli gazlar chiqarilishini kamaytirishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu boisdan ekilgan har bir ko‘chat bu faqatgina bir daraxt emas, balki ekologik barqarorlik sari tashlangan muhim qadam, kelajak avlodga toza va sog‘lom atrof-muhit qoldirish yo‘lidagi izchil intilishdir. Bojxona xodimlarining bunday tashabbuslari jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatga e’tiborning oshishiga xizmat qiladi.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi jamoasi uchun ushbu faoliyat yil davomida olib borilayotgan xizmat burchi bilan uyg‘un holda, ayni paytda, fuqarolik mas’uliyatining yorqin ko‘rinishidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.