Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yashil makon» bog‘lari soni ortib bormoqda
17:28 / 2023-03-27

Barchamizga ma’lumki, yaxshi niyat insonni hamisha ezgu ishlarga undaydi. Azaldan xalqimiz ertasini o‘ylab uy quradi, yerga urug‘ sochadi, ko‘chat ekadi. Mana shunday ulug‘ niyat bilan hayot kechirish, farzandlarini shu ruhda tarbiyalash xalqimiz turmush tarzi, azaliy qadriyatlarining asl o‘zagini tashkil etadi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab tobora kengroq quloch yozib borayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi elimizning shu ezgu qadriyatlari yangi va zamonaviy ruhda qayta ko‘z ochishida, diyorimizning har qarich yerini chinakamiga yashillikka burkash, toza va musaffo havoga boy, sog‘lom va qadri baland insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirishda ulkan qadam bo‘lmoqda.  

«Yashil makon» umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi doirasida Toshkent viloyatida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Loyiha shunchaki, nomiga o‘tkaziladigan bir tadbir emas, kutiladigan natijasi kelajakka qaratilgan ezgu harakat va xayrli tashabbusdir.

Viloyatda bahorgi mavsumda 10 million 105 ming tup mevali, manzarali daraxt, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar qadalishi rejalashtirilgan. Ayni paytgacha ularning 7 million 420 ming tupi ekildi, deya xabar beradi Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati.  

Ko‘chat ekish ishlariga palapartishlik va mas’uliyatsizlik bilan yondashmasdan, agrotexnika qoidalarga qat’iy rioya etish, parvarishlash va sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida barcha tumanlarda ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi.  

Shuningdek, ko‘chat ekish ishlarini tashkil etishda hududlarning iqlim va tuproq sharoiti, sug‘orish tizimlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda ko‘chat yetkazib berish va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida tuman hamda shahar hududlarida ko‘chat yarmarkalari savdo nuqtalari tashkil etildi.  

Bu jarayonlarda «Yashil bog‘lar» barpo etish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili 64 gektardan ziyod yer maydonlarida ana shunday tabiatning yashil makonini yaratish belgilangan bo‘lsa, amalda 65,8 gektar maydonda 40 ming tupga yaqin manzarali daraxtlar ekildi.  

Joriy yilda esa Ohangaron, Olmaliq, Angren, Nurafshon, Yangiyo‘l shaharlari hamda Oqqo‘rg‘on, Bekobod, Bo‘stonliq, Piskent va Toshkent tumanlarida 16 mingdan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi hisobiga «Yashil bog‘lar» tashkil etilmoqda.  

Angren, Nurafshon shaharlari, Bekobod, Bo‘ka, Bo‘stonliq, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Toshkent, O‘rta Chirchiq tumanlarida esa 50 gektardan ziyod yer maydonlarida «Yashil jamoat parklari» loyihasi amalga oshiriladi.  

Hech shubhasiz, viloyat hududidagi bunday yashil nuqtalar ko‘payib borgani sari, ob-havo musaffoligi ta’minlanib, ona zaminimiz ko‘klam va yashillikka burkanib boradi.  

O‘zA