Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasida “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida viloyat hokimligi hamda sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
– Muassasamiz 905 o‘ringa mo‘ljallangan statsionar shifoxona va 70 qatnovli dispanser bo‘limidan iborat, – deydi Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Akmal Ahrorov. – Muassasada terapiya, xirurgiya, ginekologiya, stomatologiya, fizioterapiya xonalari, klinik laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. 2022 yilda shifoxona qabul bo‘limi va eski ma’muriyat binolari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan kapital ta’mirlandi.
Shuningdek, shifoxonani uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 100 kVTli dizel generatori va qabul bo‘limini energiya bilan ta’minlash uchun 10 kVtli quyosh panellari o‘rnatildi.
[gallery-10836]
Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma’lumuotiga ko‘ra, aksiya doirasida viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi hududida o‘tkazilgan obodonlashtirish ishlari davomida boshqarma bog‘i tashkil qilinib, tizimdagi tibbiy muassasalar xodimlari tomonidan hududga 840 dona manzarali va 800 dona mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu ko‘chatlar elektron platformaga kiritilgan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tizimdagi barcha muassasalar hududida xuddi shunday obodonlashtirish ishlari tashkil qilinib, ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA