O‘tmishdan ota-bobolarimiz ko‘chat ekib, bog‘ barpo etishni, yaratuvchanlikni ulug‘ fazilat, atrof-muhitni yashillikka burkab, dov-daraxt parvarishlashni, uning zavqu shavqini tuyishni buyuk qadriyat, deb bilgan. Bunday ezgu amal negizida inson va ona tabiat o‘rtasida ko‘z ilg‘amas yaqin do‘stona munosabat bo‘lgan.
Balki shu bois oltinga teng tuprog‘imizda yerlarning sho‘rlanishi, iqlim o‘zgarishi, shamol va suv eroziyasi, yer osti suvlarining cho‘kishi, yer samaradorligining pasayishi bugungidek dolzarb masalaga aylanmagandir. Ona tabiatga bunday mehr-muhabbat ehtimol qalblariga iliqlik, borliqqa go‘zallik ulashib, to‘rt faslning ham mo‘’tadil kechishiga ko‘maklashgandir.
Mutaxassislar fikricha, sho‘rolar davrida paxta maydonlarining kengaytirilishi va bog‘-rog‘lar qisqarishi, shuningdek, dalalarda hosildorlikni oshirish maqsadida turli kimyoviy preparatlarning qo‘llanilishi yer degradatsiyasiga olib kelgan. Vaholanki, qadimda ota-bobolarimiz hosildorlikni oshirish uchun tabiiy o‘g‘itdan foydalangan. Ular barpo etgan bog‘lar hududda mikroiqlim hosil qilgan. Yer osti suvlari pastlab ketishining oldini olgan.

Yaxshi eslayman: o‘quvchilik davrimizda har yili bahorda maktabga daraxt ko‘chati olib borish vazifasi berilar edi. Ko‘chat topib bormaganlar tengdoshlari o‘rtasida “izza” qilingan yillarni ham ko‘rdik. Bu odat mustaqillik yillari ham davom etdi. Endi har bahor farzandlarimiz ta’lim muassasasiga ko‘chat tashish estafetasini qo‘lga oldi. O‘sha yillarni ko‘z oldimizga keltirsak, yoshligimizda maktabga tashigan ko‘chatlarimiz uchun ham, keyinchalik farzandlarimiz maktabga eltgan nov-nihollar uchun ham achinmaymiz. Bilasizmi, ko‘chatlarimiz unib-o‘smagani, ayrim hollarda faqat hisobot uchun ekilib, o‘z vaqtida parvarish qilinmagani, hali yoz kelmasidan qovjirab qolgani yurakni o‘rtaydi. Ona tabiatni ham, o‘zimizni ham aldaganimizdan afsuslanamiz. Yaqinda viloyat hokimligi tashkil etgan press-turda Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi bilan tanishayotgan edik. Osmono‘par turar-joy binolari va ijtimoiy-iqtisodiy soha inshootlari qad rostlayotgan massivning bir yo‘la ko‘kalamzorlashtirilayotgani, yashil bog‘ barpo etilayotgani xususida ham ma’lumot berildi. Shu payt denovlik bloger Farhod Ismoilov ko‘chat ekish masalasini o‘rtaga tashlab, aqlimni taniganimdan buyon yo‘l bo‘ylariga ko‘chat ekiladi-yu, nega ularning barchasi birdek tutib ketmaydi, deya o‘rtaga luqma tashladi.
Shu savolga javob berayotib men maktabga o‘zim va keyinchalik farzandlarim tashigan ko‘chatlar haqidagi xotiralarimni esga oldim. Prezidentimiz g‘oyasi bilan mamlakatimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi mustabid tuzumdan qolgan ana shu qusurga batamom chek qo‘ygani va xalqimiz ongu shuurida ko‘chat ekish, parvarishlash madaniyati shakllanayotganini tushuntirishga urindim. Yashil boyliklarga mehr bilan yashagan ajdodlarimiz an’anasini qayta tiklanayotganini viloyat misolida qisqagina aytib berdim.

– Ko‘pdan buyon meni o‘ylantirib kelayotgan masala edi, bu, – dedi Farhod Ismoilov. – Bunga aniq javob oldim. O‘ylab ko‘rsam haqiqatan ham bizga begona bo‘lib qolgan ko‘chat ekish va uni parvarishlash madaniyati paydo bo‘lmoqda, to‘g‘ri aytasiz.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Yurtni yashil boylik bilan qoplash uchun katta mehnat va mablag‘ sarflanmoqda. Olimlar iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi, shamol va suv eroziyasi kabi masalalarni har taraflama o‘rganib, taklif va tavsiyalarini bermoqda. Hududlar sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatilib, o‘zgarishlar chuqur tahlil qilinmoqda.
Viloyat hokimligiga taqdim etilgan sun’iy yo‘ldosh monitoringlari va ochiq manbalar tahliliga ko‘ra, Termiz shahrida so‘nggi yillarda ijobiy ekologik o‘zgarishlar kuzatilgani qayd etilgan. Yashil hududlar kengayib, daraxtzor maydonlar sezilarli darajada oshgani, shaharning markaziy ko‘chalari, aholi yashash massivlari va yo‘lbo‘yi hududlarida amalga oshirilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida o‘z aksini topgan. Shaharda ekologik barqarorlik mustahkamlanib, havodagi chang miqdori kamaygani, shahar muhiti yanada sog‘lom, qulay va iqlimga moslashuvchan bo‘lib borayotgani kuzatilmoqda. Irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish, ichki kanal va ariqlarni muntazam tozalash, bog‘ va xiyobonlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar yashil hududlarning uzoq muddat saqlanishini ta’minlamoqda.
Shahar atrofida “yashil belbog‘”larning yaratilayotgani xalq orasida “Afg‘on shamoli” nomi bilan mashhur chang bo‘ronlari miqdorini sezilarli darajada qisqartirgan. Masalan, viloyatda 2010 yil shamol tezligi 15 metr/sekund va undan yuqori bo‘lgan kunlar 42, 2020 yilda 45 kunni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 28 kungacha kamaygan.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yil sayin oshirishda muhim dasturulamal bo‘layotir. Yirik maydonlarga ko‘chat ekib, parvarishlashda tajribamiz oshmoqda. Yangi-yangi g‘oyalar bo‘y ko‘rsatyapti. Tilimizda yashil makon, yashil belbog‘, yashil qoplama, hokimlik bog‘lari, yashil jamoat parklari kabi so‘zlar jaranglamoqda. Ikkinchidan, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangunicha ommaviy ko‘chat ekish asosan bahor faslida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda kuz fasli ham nav-nihol qadab, yangi bog‘-rog‘lar yaratadigan mavsumga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2023 yil bahor mavsumidan shu kungacha 44 million 783 ming tup mevali-manzarali daraxt va buta ko‘chati ekilib, admin.yashilmakon.yeco platformasiga kiritilgan. Unib-o‘sishi nazoratga olingan. Shu davrda 18 ta “Yashil bog‘”, 28 ta “Yashil jamoat parki”, 32 ta “Hokimlik bog‘i” tashkil etilgan. Ilgari ko‘chat ekilganu, qarovsiz qolgan bo‘lsa, bugun yerga qadalayotgan niholning qarovchisi bog‘boni bor. Avvallari suvsiz maydonlarga ham ko‘chat ekilib, qovjiratib tashlangan bo‘lsa, endi suv ta’minoti bo‘lmagan hududlarga qadalayotgan ko‘chatlarga zamonaviy tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimi asosida obi-hayot taralmoqda.

Joriy yilning kuzgi ko‘chat ekish mavsumida viloyatda o‘n million tupdan ortiq turli mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Mavsum boshlanganidan buyon qariyb uch million tup ko‘chat ekilib, admin.yashilmakon.yeco platformasiga kiritilgan.
Vohadagi 85 ta yirik sanoat korxonasi tashkil etgan “Yashil belbog‘” lar ham, Termiz shahri va tumanlarda barpo etilgan “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat park”lari, “Hokimlik bog‘”lari ham yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk, tabiatiga qayta go‘zallik bag‘ishlayotgan umummilliy loyiha samarasidir.
Mabodo xalqaro “M-39” avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlangan bo‘lsangiz, Termiz-Angor-Sherobod tumanlari hududidan o‘tuvchi qismining ikki tarafida foydalanilmay yotgan suvsiz maydonlarga sizning ham ko‘zingiz tushgandir. Loyiha doirasida shu hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chat ekilib, “Yashil belbog‘” yaratilayotgani buyuk alloma Hakim Termiziy va Sherobod tumanida mangu qo‘nim topgan ulug‘ muhaddis Imom Termiziy majmualarini qalblarga zavq, ko‘zlarga go‘zallik ulashadigan yashil boylik bilan bog‘laydi.

Sodda qilib aytganda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi xalqimizni yagona maqsad yo‘lida birlashtirib, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka, ona tabiat bilan do‘st tutinishga undayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.
– Loyihaning kuzgi mavsumida viloyat hokimi yana bir g‘oyani o‘rtaga tashladi, – deydi viloyat ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir O‘rinov. – Shunga ko‘ra Angor tumani hududida barcha tuman va Termiz shahri hokimliklari 89,41 gektar, viloyat hokimiyati majmualari va tashkilotlar 101,8 gektar, viloyatdagi metan gaz quyish shoxobchalari 96,6 gektar maydonni ko‘chat ekishga tayyorlab, nihol qadashni boshladi. Tumandagi Qoraqir mahallasi hududida o‘zlashtirilmagan 104 gektar, Termiz tumanidagi Kattaqum massivida 1 ming 100 gektar yer maydonida ham “Yashil qoplama” barpo etilmoqda. Bu ishlar shunchaki, tevarak-atrofni ko‘kalamzorlashtirish emas, balki iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq. Shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon”.

Yashillikka burkanayotgan vohada bunday ulug‘vor ishlar davom ettirilib, Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida 47,1 gektar, Termiz shahridagi Pattakesar mahallasida 5,84 gektar yer maydonida ham “Yashil belbog‘” barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
Umummilliy harakatga aylangan loyiha doirasida qadalayotgan ko‘chatlar o‘tgan zamonlardagidek unib turgan joyidan chala qo‘porib olinib, shikastlangan ildizi bilan ekilmayapti. Balki atrofi kovlanib, ildizlari tuprog‘i bilan olib kelinib, qadalmoqda.
Termiz tumanidagi Kattaqum massivi o‘z nomiga mos qum barxanlari ko‘chib turadigan keng maydon. Yaqinda o‘tganimda yo‘l bo‘yi notekis qum tepaliklarida qovjirab qolgan yantoqqa ko‘zim tushgan edi. Bu safar yo‘l bo‘yidagi qumloq maydonlar maxsus texnikalar bilan tekislanib, turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilayotganiga guvoh bo‘ldim. Tumanlar hokimliklari, tashkilot va korxonalar mutasaddilari bu yerni qisqa vaqtda o‘zlashtirib, ko‘chat qadash hasharini boshlab yuboribdi. Jarqo‘rg‘on tumani “Obodonlashtirish” bo‘limi ishchilari ham bu ezgu ishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

– Tumanga biriktirilgan maydonni tekislab, xandaq kovladik, – deydi tuman “Obodonlashtirish” boshqarmasi brigada boshlig‘i O‘rol Bo‘riyev. – Bugun ikki yuz tupdan ortiq archa ko‘chati keltirib, qadayapmiz. Yana keltirib ekamiz. Har bir ko‘chat ildizidagi tuprog‘i bilan olib kelingan. Bu uning tez va sifatli unib ketishiga xizmat qiladi. Hozircha maxsus mashinalarda suv keltirib, sug‘oramiz. Qor va yomg‘ir suvi ham rivojlanishiga ko‘maklashadi. Yozgacha tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilsa, ikki-uch yilda yo‘l bo‘yi yam-yashil boqqa aylanib qoladi.
Viloyatda suv taqchil bo‘lgan hududlarga qadalayotgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun maxsus suv havzalari ham barpo etilmoqda. Tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinyapti. Mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, ulug‘ ezgu niyat bilan qadalayotgan har bir ko‘chat hududga yashillik va o‘zgacha ko‘rk ulashibgina qolmay, qum ko‘chiradigan shamolga ishonchli to‘siq ham bo‘ladi. Tevarak-atrofni shamol va chang to‘zonlaridan himoyalab, mo‘’tadillikni ta’minlash va sog‘lom hayot kechirishda muhim qalqon bo‘lib xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri