Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashil makon: 20 milliondan ortiq daraxt ro‘yxatga olindi
17:37 / 2022-09-19

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda dastlab Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti haqida to‘xtalib o‘tildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqi mazmun-mohiyati hamda undan kelib chiqadigan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

— Mazkur anjuman dunyoda oxirini aytib bo‘lmaydigan murakkab bir sharoitda bo‘lib o‘tdi, — dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. —Samarqand sammiti tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari uchun yuzma-yuz uchrashib, ochiq muloqot maydonini yaratib berdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan SHHT makonida sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar tufayli pandemiyadan oldin, 2019 yilda 250 million aholi davlatlararo sayohat qilgan. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida kelgusi yilni “SHHT makonida turizmni rivojlantirish yili” deb e’lon qilishni taklif etgani soha rivojida muhim qadam bo‘ldi. Zero, anjuman doirasida qabul qilingan Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim birgalikdagi ishlar uchun zarur huquqiy zamin yaratadi.

Yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zolari ham Samarqand sammitining ahamiyati, unda imzolangan qator hujjatlar mohiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Shundan so‘ng deputatlar bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar. Jumladan, daraxt kushandalariga nisbatan ma’muriy sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizg‘in kechdi.

— Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10-15, mansabdor shaxslarga esa 15-20 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi, — dedi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Baxitbay Aldamuratov. — Shuningdek, loyihalashtirish institutlarining daraxtlar kesilishiga sabab bo‘ladigan loyihalari uchun ham tegishli javobgarlik masalalari o‘z aksini topgan.

Qizg‘in muhokamalar davomida deputatlar bir qator takliflar hamda e’tirozlarni bildirdi. Xususan, deputatlar O‘ktam Islomov, Nodir Tilavoldiyev, Jahongir Shirinov va boshqalar daraxtlarning hisob-kitobini yuritish zarurligini, qarovsiz, qurib yotgan daraxtlar uchun kim javobgar bo‘lishi, kesilgan daraxtlar o‘rniga daraxt ekish lozimligi, daraxtlarga ishlov bermaganlar ham jazolanishi kerakligi kabi fikr va takliflarni bildirdi.

— 2023 yilning martigacha daraxtlarning hisob-kitobini yuritish, xatlovdan o‘tkazish belgilangan, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakili savollarga javob berar ekan. — Hozirga qadar joylardagi tashkilotlar ko‘magida 20 milliondan ortiq daraxt ro‘yxatga olindi. Birgina Toshkent shahrida 947 ming 581 ta daraxt ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 4 ming 729 tasi qurigan. Xatlovni to‘liq yakunlash uchun dronlar, shuningdek, sun’iy intellekt zarur. Buning uchun xalqaro grantlar bilan ishlanmoqda.

Qo‘mita vakili, shuningdek, qonuniy ravishda kesilgan bir daraxt o‘rniga 10 ta, noqonuniy kesilganining o‘rniga 100 ta daraxt ekish zarurligi belgilab qo‘yilganini ma’lum qildi.

Fraksiya a’zolarining yashil qoplamni asrab-avaylash va kengaytirishga hamda qonun loyihasidagi normalarga oid savol va takliflari bisyorligi sababli mazkur masalada “Hukumat soati” yoki Parlament eshituvini tashkil etishga kelishib olindi.

Yig‘ilishda yana bir qator masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA