Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil makon”: 150 holatda ko‘chatlar qurib qolgani aniqlandi
11:16 / 2025-09-08

G‘allaorol tumani Mirzabuloq mahallasining “Istiqbol” oilaviy shifokorlik punkti hovlisidagi ko‘chatlar qurib qoldi... Buning uchun mas’ulga 3 million 750 ming so‘m jarima solindi.

O‘sha tumandagi 45- maktab hovlisida ham  ko‘chatlar bahorda  ekildi, yozda esa qurib qoldi. Mas’ul   3 million 750 ming so‘m jarimaga tortildi.

Zarbdor tumanida “Yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasi  200 tup tut ekib, ularni  sug‘ormay tashlab qo‘ygan.  Albatta, yana 3 million 750 ming so‘m jarima.  

Jizzax shahridagi “Kimyogar” mahalla fuqarolar yig‘inida ekilgan terak ko‘chatlari esa shahar obodonlashtirish boshqarmasi “obod” qilgan hududda qurib qoldi. Sug‘orish tizimi yo‘q, reja bor. Ko‘chatlar esa bor kuchi bilan “jon saqlash”ga urindi, ammo issiq va e’tiborsizlikka chiday olmadi. Natijada  yana jarima, bu safar 4 million 120 ming so‘m.  

Bu kabi holatlar kam emas. Jizzax viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’muriy amaliyot bo‘yicha bosh mutaxassisi Niyat Kamolovning kuyinganicha bor: “Joriy yil boshidan buyon “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarning 150 ta holatda parvarish qilinmagani, quritib qo‘yilgani aniqlandi. Bu holatlar bo‘yicha MJtKning 79-moddasi 4-qismiga asosan jami 470 million so‘mdan ortiq jarimalar qo‘llanildi. Lekin bu jarimalar qurib qolgan ko‘chatlarni, ming afsuski, qayta ko‘kartira olmaydi.”

Muxtasar aytganda, “Yashil makon” loyihasi qog‘ozda emas, amalda sharoit yaratilib, ijro qilinishi kerak.  Aks holda har yili qurib qoladigan daraxtlar soni kamaymaydi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri