Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa: Umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlik” yuqori darajali uchrashuvining ikkinchi kuni qizg‘in munozaralarga boy kechdi. Xususan, ishtirokchilar iqlim o‘zgarishi muammosi suv resurslari, energetika xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalarni yuzaga chiqarib, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi uchun asosiy tahdidlardan biriga aylanayotgani xususida fikr bildirdilar.
Kunning birinchi yarmida davra suhbatiga yetakchilik qilgan BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi hamraisi, Ekvador tashqi ishlar va mudofaa vaziri – Mariya Fernanda Espinoza iqlim inqirozi butun dunyoga ta’sir qilayotganiga to‘xtalib, jumladan Markaziy Osiyo ham suv resurslari bilan bog‘liq omillar sabab, ayniqsa, zaif hudud hisoblanishini qayd etdi. Muzliklar erishi kelajakda suv tanqisligiga olib kelishi kutilyapti. Natijada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi muammolari kuchayib, aholi yashash joylarini tark etishi, mintaqaviy barqarorlikka putur yetishi ehtimoli bor. Orol dengizi qurishi esa asrning eng yirik ekologik fojialaridan biridir.
Ekspert ta’kidlashicha, bunday vaziyatda chora-tadbirlar alohida emas, balki mintaqaviy va xalqaro darajada amalga oshirilishi zarur. Xalqaro hamjamiyat iqlimga oid moliyaviy majburiyatni sezilarli darajada kuchaytirishi lozim. Amaldagi kelishuvlar 3,5 trillion dollarni nazarda tutsa-da, real ehtiyoj kamida 5 trillion dollar atrofida baholanmoqda. Shu bilan birga resurslar, past karbonli texnologiya, mamlakatlar salohiyatini kuchaytirish va mintaqaviy integratsiyani ta’minlash muhim. Ayniqsa, Markaziy Osiyoning besh davlati xalqaro muzokaralarda yagona qarashni himoya qilishi talab etiladi.
E’tiborlisi, Espinoza mamlakatimiz bu borada sezilarli siljishga erishganini e’tirof etdi:
– O‘zbekiston muhim qadamlar tashlamoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga faol sarmoya kiritib, 2050 yilga qadar uglerod muvozanatiga erishishni maqsad qilgan. Bu kuchli siyosiy va eng muhimi juda zarur qaror. Hozir iqtisodiyoti yiliga 6 foizdan ko‘proq o‘sayotgan respublika kambag‘allik darajasini qisqartirish, aholi uchun mustahkam ijtimoiy kafolat yaratishda iqlim masalasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagani e’tiborga loyiq. Shu bois, mamlakat rahbariyatining iqlim taraqqiyot, tinchlik va iqtisodiy o‘sish bilan uzviy bog‘langan strategiya ishlab chiqqani yuqori baholanmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7MtMLi4C8r8?si=ZnPxS2os4rwsB6NK" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA