Keyingi yillarda bevosita davlat rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida katta yo‘llar yoqalari, dala chetlari, mahallalardagi ko‘chalarga, idora va tashkilotlar atrofiga manzarali hamda mevali daraxtlar ko‘chatlari ekilib yashil hududlar kengaytirilmoqda.
Mana shunday xayrli ishlar doirasida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 martdagi “Jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi doirasida joylarda “Mening bog‘im” loyihasi doirasida ko‘rkam “Yashil jamoat parklari” tashkil etilmoqda.
Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qaror ijrosi doirasida o‘tgan 2024 yilda viloyatda “Mening bog‘im” loyihasi doirasida aholi tashabbuslari asosida g‘olib deb topilgan 16 ta loyiha bo‘yicha jami 12,26 gektar, shundan 13 ta jami 11,03 gektar maydonda “yashil bog‘lar” hamda 3 ta jami 1,23 gektar yerda “Yashil jamoat parklari” barpo etish yuzasidan loyiha hujjatlari ishlab chiqildi va viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzilib, “Yashil bog‘lar” hamda “Yashil jamoat parklari” barpo etildi. Barpo etilgan “Yashil bog‘lar” hamda “Yashil jamoat parklari”da 6 ming 780 dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi ta’minlandi.
Jumladan, viloyatning Kasbi tumaniga qarashli Xo‘jaqarliq qishlog‘i ustidan o‘tadigan katta yo‘l yoqasida 80 sotix zaxira yer maydonida “Yashil jamoat parki” tashkil etildi.
Qishloq aholisining g‘olib bo‘lgan tashabbusi evaziga barpo etilgan parkda qayrag‘och, katalpa, siren, yapon saforasi va sharq tuyasi kabi 1 ming 600 tupga yaqin manzarali ko‘chat ekildi. Bundan tashqari, park tashkil qilinishidan oldin ekilgan mevali daraxtlar ko‘chatlari ham qoldirildi.
– Ushbu park uchun 211 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan, – deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bosh mutaxassisi Elyor Ziyodov. – Bog‘ni barpo qilish uchun “Qashqadaryo” davlat o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma qilingan. Hozirgi kunda park hududiga ko‘chat ekish, yo‘laklar qurish, quyosh panellari yordamida ishlaydigan tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish ishlari yakunlangan.
Ta’kidlash lozimki, bunday “Yashil jamoat parklari” har yili tumanlardagi mahallalar aholisining “Open byudjet” platformasida g‘olib bo‘lgan tashabbuslari asosida barpo etiladi, ya’ni bitta tumanda, bitta mahallada tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroridan kelib chiqqan holda bu kabi tashabbusli tanlovlar 10 yil davomida tizimli o‘tkaziladi. Yakunda viloyatning 16 ta shahar va tumanlarida 160 ta “Yashil jamoat parklari” tashkil qilinishiga erishiladi.
– Qishlog‘imiz chetida bunyod qilingan bu bog‘ odamlarimizni juda quvontirdi, – deydi Xo‘jaqarliq qishlog‘ilik Latifjon Salomov. – Avval xo‘jako‘rsinga qilingan ishlardan biri bo‘lsa kerak deb o‘yladik, lekin mana ko‘ryapmizki chiroyli maskanga aylanib bormoqda. Hademay bir ikki yilda ekilgan ko‘chatlar soya berib yashillikka burkanadi. Shunda yanayam ko‘rkam bog‘ga aylanadi.
[gallery-21720]
Mas’ullarning ta’kidlashicha, bunday tashkil etilgan parklar shunchaki tashlab qo‘yilmaydi. Mas’ul o‘rmon xo‘jaligi tomonidan uch yil davomida ko‘chatlarning barqaror o‘sishi, tutmaganlarini o‘rniga ekilishi, sug‘orish ishlari to‘liq nazorat qilib boriladi. Buning uchun har bitta yashil park uchun bir nafardan xodim ajratiladi va o‘sha xodim har kuni parkda ishlarni tashkil qiladi.
Muxtasar qilib aytganda olis qishloq joylarda tashkil etilayotgan bu kabi “Yashil jamoat parklari” nafaqat hududga yashillikni, toza havoni olib kiradi, balki qishloq odamlarining madaniy hordiq chiqarishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari