Huquqiy munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 18-noyabrda imzolangan farmon ushbu keng ko‘lamli islohotga asos bo‘ldi.
TDYUU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Sarbinaz Rasbergenova bu borada tushuntirish berdi.
–Islohotning zaruriyati va institutsional ahamiyati shundaki, bunday o‘zgarishlarga ehtiyoj yerlarning cho‘llanishi, suv resurslarining ifloslanishi va biologik xilma-xillikning qisqarishi kabi tobora ortib borayotgan ekologik muammolar bilan belgilanadi. Islohotning muhim elementi sifatida bevosita Prezidentga hisobot beruvchi Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi tashkil etildi. Ekologiyani an’anaviy vazirlik tizimidan chiqarib, tabiatni muhofaza qilish masalalarini xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish bilan bir qatorda, birinchi darajali davlat vazifasiga aylantiradi. Qo‘mitaning mintaqaviy bo‘linmalari faqat markazga bo‘ysunadi, bu esa mahalliy siyosiy ta’sirlarni istisno qilish va ekologik qarorlarning xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Asosiy yangiliklardan biri Ekologik nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining tashkil etilishi bo‘ldi. U avval turli idoralar o‘rtasida tarqalgan inspeksiya va prokuratura tuzilmalarini birlashtiradi va huquqni muhofaza qilish organlariga yaqin vakolatlarni oladi. Jiddiy ekologik qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida inspektorlarga jismoniy kuch, maxsus vositalarni qo‘llash huquqi berildi. Xodimlarning harakatlari majburiy ravishda bodi-kameralarga yozib olinadi, bu esa shaffoflik va ham fuqarolar, ham inspektorlarning himoyasini ta’minlaydi.
2026-yil 1-sentabrga qadar atrof-muhit monitoringi va qonunbuzarliklarni qayd etish amalga oshiriladigan Yagona ekologik onlayn platforma joriy etiladi. Bundan tashqari, I va II toifadagi korxonalar o‘z monitoring stansiyalarini o‘rnatishga majburdirlar, aks holda ularga nisbatan yuqori kompensatsiya to‘lovlari qo‘llaniladi. Islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat maqsadli fondi tashkil etilgan bo‘lib, u byudjet mablag‘lari, uglerod birliklaridan olingan daromadlar, jarimalar va utilizatsiya yig‘imlari hisobidan ta’minlanadi. Shuningdek, tadbirkorlik va aholining ishtirokini rag‘batlantiruvchi «Yashil xayriya fondi» ham ta’sis etildi.
Xulosa qilib aytganda, mustaqil ekologik regulyatorning yaratilishi tabiatni muhofaza qilishni boshqarishning yangi modeliga o‘tishni anglatadi. Bu model institutsional mustaqillik, kuchaytirilgan nazorat va tabiatni huquqiy himoya qilish, monitoringni raqamlashtirish, barqaror moliyalashtirish hamda aholi ishtirokining kengayishi bilan tavsiflanadi. Bu qadam mamlakatimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishni tanlaganini aks ettiradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA