Bugungi kunda dunyoda barqaror rivojlanish va moliyalashtirishning samarali, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish har qachongidan ham muhim.
Iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslar tanqisligi, karbon ta’sirini kamaytirish, yashil texnologiyalar va ekologik yechimlar moliya tizimi uchun ham jiddiy sinovlarni yuzaga chiqarmoqda.
Ana shunday global dolzarb mavzularni O‘zbekistonning milliy siyosat istiqbollari bilan uyg‘un tarzda muhokama etish maqsadida Bank-moliya akademiyasida “Barqaror moliyalashtirish: yashil iqtisodiyotni rivojlantirishda bank-moliya tizimining o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, dunyoning yetakchi oliy ta’lim va moliyaviy muassasalari – Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar, professorlar, amaliyotchi moliyachilar ishtirok etdi.
Anjumanda yashil iqtisodiyot va barqaror moliyalashtirish sohalarida qonunchilik, investitsiya muhiti, ta’lim va tadqiqotlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash muhim masala hisoblanishi qayd etildi. Xususan, ESG bo‘yicha milliy standartlarni ishlab chiqish, yashil moliya vositalarini kengaytirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalari alohida ahamiyatga ega.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyot konsepsiyasini amaliy siyosatga aylantirayotgan kam sonli mamlakatlardan biriga aylanib bormoqda. Bu jarayonda ESG standartlarini milliy reglamentlarga joriy etish, yashil moliya bozorini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni ushbu masalalar bilan integratsiyalash muhim vazifa sanaladi.
Tadbirda mavzuga doir mavzularda dolzarb taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, anjuman doirasida bir necha ixtisoslashtirilgan sessiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan ESG standartlari, ekologik siyosat qat’iyligi, moliyaviy shaffoflik, yashil transport, raqamli moliya va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy tahlillar va amaliy takliflar taqdim etildi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbiri