Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yashil iqtisodiyot — tanlov emas, zarurat!
12:03 / 2025-09-08

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakatimiz taraqqiyotining strategik yo‘nalishlarini aniq belgilab berdi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy g‘oyasi — inson qadrini yuksaltirish va har bir fuqaro hayotida sezilarli o‘zgarishlar yaratishdan iborat.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, demokratiyaning chuqurlashishi mamlakatimizning barqaror rivojlanishining asosiy kafolati sanaladi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi xalqimizning azaliy orzusi sanalmish erkin va farovon hayot barpo etish bilan bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda “inson qadri, inson baxti” tamoyili barcha islohotlarning markazida turibdi.

Davlat rahbari nutqida “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish muhim vazifa sifatida belgilandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, suv va tabiiy resurslardan tejamkorlik bilan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu nafaqat atrof-muhit muhofazasi, balki iqtisodiy samaradorlik va investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlashda muhim omildir. Shuningdek, “Uchinchi Renessans” g‘oyasi doirasida xalqimizning boy tarixiy merosini zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish orqali milliy madaniyat va tabiatni asrab-avaylash an’analarini ilmiy va innovatsion yechimlar bilan uyg‘unlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu jarayonda yashil iqtisodiyot milliy taraqqiyotning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Darhaqiqat, O‘zbekiston bugun yangi tarixning navbatdagi bosqichida turibdi. Yangi O‘zbekiston deb nomlangan bu davr nafaqat siyosiy islohotlar, balki atrof-muhit va tabiatga munosabatda ham tub burilishlarni ifodalaydi. Bu burilish markazida esa bitta muhim g‘oya mujassam — yashil iqtisodiyot.

So‘nggi besh yil ichida bu ibora mamlakatimizda shunchaki shior bo‘libgina qolmadi. U amaliy islohotlarning asosiy mehvariga aylandi. Energiya tejamkorligi, qayta tiklanuvchi manbalar, chiqindidan energiya ishlab chiqarish, yashil moliya, ekoturizm, bioximiya va suv resurslarini oqilona boshqarish — bular endi siyosiy nutqlardagi bezak emas, balki davlat siyosati darajasidagi kundalik vazifalarga aylangan.

Mana, birgina 2024 yilning o‘zida mamlakatimizda 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushdi. Ular tomonidan 1,6 milliard kilovatt-soat ekologik toza energiya ishlab chiqarildi. Bu ishlarning natijasida 1,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaldi, bu nafaqat iqtisodiy manfaat, balki ekologiyaga ko‘rsatiladigan bosimni kamaytirishdir. Davlat rahbarining ta’biri bilan aytganda, bu shunchaki loyiha emas, bu kelajakning energetika modelidir.

Yana bir o‘ta muhim tashabbus — chiqindidan energiya olish bo‘yicha ilk masshtabli loyihalar amalga oshirildi. Tasavvur qiling: 4,7 million tonna maishiy chiqindidan 2,1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi olish mumkin bo‘lishi aniqlangan va bu bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar boshlangan. Bunday loyihalar nafaqat aholining elektr ta’minotini yaxshilaydi, balki sanoatning “yashillashuvi”ga ham xizmat qiladi. Chiqindi endi muammo emas — u qimmatbaho resurs.

Quyosh va shamoldan foydalanish albatta muhim, ammo bundan ham katta salohiyat yashiringan bir sohamiz borki, bu ham bo‘lsa, yashil moliyadir. 2024 yilda Toshkent fond birjasida mamlakat tarixida ilk marta 50 milliard so‘mlik “yashil” obligatsiyalar chiqarildi. Bu mablag‘lar orqali energiya samaradorligini oshirish, ekologik toza uy-joy qurilishi va ta’mirlash ishlari moliyalashtirildi. Bu yangi davrni boshlab berdi. Bu degani, moliya tizimi ham ekologik mas’uliyatni o‘z gardaniga olmoqda.

Davlat bu ishlarni yetarli darajada qo‘llab-quvvatlayapti. 2025 yilda O‘zbekistonda “Yashil iqtisodiyot fondi” tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uning orqali xalqaro tashkilotlardan grantlar, imtiyozli kreditlar, texnik yordamlar jalb etiladi. Jumladan, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ayni damda 200 million yevro, 10 million dollar va yana 6,5 million dollarlik texnik yordam bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, bu ishlar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. BMT va xalqaro banklar O‘zbekistonni mintaqada “yashil iqtisodiyot”ga o‘tayotgan yetakchi davlatlar qatoriga qo‘shmoqda. Chunki mamlakat endi faqat ichki imkoniyatlar bilan cheklanib qolmayapti, balki jahonning eng zamonaviy ekologik va moliyaviy mexanizmlarini o‘ziga jalb etayapti.

Bunday islohotlar bir kunlik yoki bir yillik kampaniya emas. 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi ham shundan dalolat beradi. Bu — uzoqni ko‘zlagan, har bir yo‘nalishni qayta qurishni maqsad qilgan strategik qarashning ifodasidir.

Shu nuqtada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vazifasi ham aniq bo‘lib bormoqda. Yashil iqtisodiyot faqat ijro hokimiyati yoki investorlarning ishi emas. Bu — qonunchilik, nazorat va tashabbus orqali qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalish.

Shu ma’noda, parlament vakillari sifatida biz quyidagi vazifalarni ustuvor deb bilishimiz shart:

Birinchidan, yashil loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish va rag‘batlantirish mexanizmlarini qonunchilik asosida mustahkamlash zarur. Buni amalga oshirish uchun “yashil” biznesga soliq imtiyozlari, qulay kreditlar va grantlar berishga oid qonunlar qabul qilinishi kerak.

Ikkinchidan, har bir hududda yashil iqtisodiyotga oid hududiy strategiyalar ishlab chiqilishi lozim. Chunki Farg‘onadagi ekologiya bilan Nukusniki bir xil emas. Shuning uchun har bir tumanda, har bir viloyatda bu siyosat o‘z xususiyatini hisobga olgan holda yuritilishi kerak.

Uchinchidan, ijtimoiy nazorat va parlament monitoringi kuchaytirilishi shart. Xalq vakillari sifatida biz, deputatlar, har bir yirik ekologik loyiha, chiqindidan energiya ishlab chiqarish, yashil energiya sertifikatlari kabi jarayonlarni nazorat qilish, uning samaradorligini baholash imkoniga ega bo‘lishimiz shart.

To‘rtinchidan, yoshlar va tadbirkorlarni jalb qilish. Yoshlar faqat siyosiy islohotlarda emas, balki ekologik islohotlarda ham yetakchi bo‘lishi kerak. Universitetlarda yashil texnologiyalarga oid ixtisoslashuv, startap loyihalar uchun maxsus grantlar, ta’lim va amaliyot dasturlari joriy etilishi darkor.

Bu yo‘l oson yo‘l emas, albatta. Lekin bu — kelajakka olib boruvchi yagona yo‘l. O‘zbekiston bugun ushbu yo‘lga qat’iyat bilan kirdi. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Biz, Qonunchilik palatasi vakillari sifatida, aynan shu siyosatni qonunlar orqali mustahkamlab, nazorat va mas’uliyat bilan kuzatib, xalqning manfaati yo‘lida amalga oshirishimiz shart.

Yashil iqtisodiyot — tanlov emas. Bu zarurat. Farzandlarimiz nasli uchun toza havo, sof suv va barqaror iqtisodiyot qoldirish burchimiz. Ushbu burchni ado etish har birimizning insoniy va fuqaroviy mas’uliyatimizdir.

Hilola YUSUPOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.