Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil” iqtisodiyot sohasida sarmoyaviy dasturning ikkinchi bosqichi ishga tushirildi
23:42 / 2023-11-06

Maqsad hujjatdan hayotga ko‘chganda...

Fransiya taraqqiyot agentligi va O‘zbekiston hukumati hamkorligi doirasida “yashil” iqtisodiyot va ayollar tadbirkorligi yo‘nalishlarida ikki operatsion bitim hamda texnik sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir hujjat imzolandi.

Mazkur agentlik 2016 yildan buyon mamlakatimizdagi loyihalarga 1,4 milliard yevro mablag‘ yo‘naltirgan. Mintaqamiz jiddiy ekologik muammolarga duch kelayotgan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inqirozga moyil mamlakatlardan biriga aylanish ehtimoli kuchayib borayotgan bir paytda – 2023 yil 2 noyabr kuni Fransiya taraqqiyot agentligi “yashil” iqtisodiyot sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun qarz ajratish dasturining ikkinchi bosqichini ishga tushirdi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – keyingi 5 yil davomida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini shakllantirish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash. Qayd etish kerak, bu bosqichda “yashil” o‘sish uchun zarur institutsional tizim rivojlantiriladi, “yashil” byudjetlash qo‘llab-quvvatlanadi va “yashil” investitsiya jalb etiladi.

Bitimga ko‘ra, ikkinchi kichik dasturni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarz – 125 million yevro Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan texnik yordam bilan to‘ldiriladi.

Ikkinchi hujjat texnik hamkorlik bo‘yicha sho‘’ba korxonasi – “Expertise France”ga Agentlikning yurtimizdagi faoliyatiga to‘liq integratsiyalashish imkonini beradi. Ayni payt ushbu korxonaning bir qator xodimlari respublikamizda “yashil” iqtisodiyot va tarixiy merosni asrab-avaylashga qaratilgan loyihalarda ishtirok etyapti.

Fransiya taraqqiyot agentligi va yangi tuzilgan Biznesni rivojlantirish banki o‘rtasidagi uchinchi shartnoma O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini, ayniqsa, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va suv sektorida hamkorlikni rag‘batlantiradi. Yaqin hamkorlik orqali ikki tomon yurtimizda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan trening o‘tkazish, tadbirlar tashkillashtirish va qo‘shma loyihalar amalga oshirishni ko‘zlayotgani quvonarli.

– 2016 yildan buyon O‘zbekiston hukumatini tabiatni asrash, aholi yashash sharoitini yaxshilash masalalarida qo‘llab-quvvatlab kelyapmiz, – dedi Fransiya taraqqiyot agentligi bosh ijrochi direktori Remi Riu. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat sifat jihatidan yaxshilanib borayotgani sheriklik darajasini chuqurlashtirib, loyihalar ko‘lamini kengaytirish imkonini berayotganidan mamnunmiz.

Fransiya taraqqiyot agentligi yaqin bir necha oy ichida Jahon banki bilan diyorimizning qator shaharlarida barqaror va tartiblashgan shaharsozlik sohasida hamkorlik o‘rnatish niyatida. Bu jarayonda tarixiy merosni saqlab qolish rejasi ham bor.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA