French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“YASHIL IQTISODIYOT”: Havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘riladi
18:24 / 2022-02-28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Xususan, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi muvofiq tasdiqlandi.

Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati, mahallaning “faol” modelini joriy etish, ta’lim sifatini oshirish, aholi salomatligi, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab sohalar uchun ustuvor vazifalar qo‘yildi.

Strategiyada “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish masalasiga ham asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lib, unda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘riladi.

Bunda 2022 yil 1 martga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari yaratiladi. Shuningdek, 2022 yil 1 iyunga qadar sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha ”Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha qaror ishlab chiqiladi.

Energetika vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi Elmira Bekmurodova Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi farmoni mazmun-mohiyati va unda energetika tizimi uchun belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Mazkur strategiya barcha sohalar qatorida energetika tizimini bugungi talab darajasida rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi, – dedi E.Bekmurodova. – Unda soha ravnaqi yo‘lida to‘rt yillik rejalar ko‘rsatib o‘tilgan. 2022-2026 yillarda 8 mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlarining elektr ta’minoti yaxshilanadi. So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda barcha sohalar kabi energetika sohasida ham ulkan ishlar amalga oshirildi. Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq ushbu sohani kelgusida yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida respublika hududlarida qariyb 80 ming kilometr magistral va taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari, 20 mingdan ortiq transformator punktlari hamda 200 dan ziyod podstansiyalar quriladi va yangilanadi. Buning natijasida respublika bo‘yicha 8 300 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlarining elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanadi.

Ta’kidlash kerakki, 2017-2021 yillarda uzunligi 902 kilometr magistral va 40 600 kilometr taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari hamda 12 900 ta transformator punktlari modernizatsiya qilingan. Buning natijasida respublika bo‘yicha 7,3 mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inining elektr energiyasi ta’minoti yaxshilangan.

Mamlakatimizda muqobil energetika tizimlarini amaliyotga tatbiq etish tabiiy boyliklarni asrashda muhim omil hisoblanadi. Shu bois, respublika hududlarida “yashil energetika”ni rivojlantirish, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Strategiyaga asosan 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish va uning evaziga yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gazni tejash choralari ko‘riladi.

Gidroenergetika sohasi ham bu ishlar ko‘lamida muhim o‘rinni egallaydi. Masalan, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, 15 ta yangi gidroelektr stansiyasini qurish va 5 ta mavjud GESni modernizatsiya qilish hisobiga yiliga qo‘shimcha 868 MVt elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

– 2022 yilda gidroenergetika sohasida umumiy quvvati 173 megavattli 7 ta loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda, – dedi "O‘zbekgidroenergo" AJ boshqaruvi raisining Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot xizmati boshlig‘i Ravshan Baykulov. –Ayni chog‘da Surxondaryo viloyatidagi ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lgan “To‘palang GES” UK da modernizatsiya ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. GES faoliyati uchun har birining quvvati 72,5 MVt bo‘lgan 2 ta gidroagregat o‘rnatiladi. Modernizatsiyadan so‘ng GESning umumiy quvvati 175 MVtga yetkaziladi. Mazkur modernizatsiya ishlari Rossiyaning “Silovыye mashinы” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu yirik gidroinshoot joriy yil foydalanishga topshiriladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA