O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida “IFMR Green Hub" platformasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, YeTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos va boshqalar mamlakatimizda “yashil" iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish yo‘lida mazkur platforma amaliy ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari I.Norqulov qayd etganidek, “yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish dunyodagi barcha mamlakatlar uchun eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Mamlakatimiz ham bu yo‘nalishni faol rivojlantirmoqda. 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi qabul qilingani va 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham aynan shu masalalarda chora-tadbirlar belgilangani bunga yaqqol misol bo‘ladi.
– Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti vaziyatni tahlil qilish va “yashil" iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish yo‘llarini ishlab chiqish maqsadida "Green Hub"ni tashkil qildi, – dedi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Abdusattor Abdumo‘minov. – Bunda ekspertlar, tadqiqot muassasalari, xalqaro moliya institutlarini bitta joyga jalb qilib, hamkorlikda ish olib boriladi. “Yashil hab” deb nomlanishiga izoh beradigan bo‘lsak, yashil, ya’ni, ekologik degan ma’noni bildiradi. “Hab” so‘zi birlashtirish ma’nosida qo‘llaniladi. “Yashil hab”ning maqsad va vazifasi iqtisodiy va ekologik bilimlarni jamlashtirishdan iborat. Ushbu platforma institut moliyaviy mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. O‘zimizda bor resurslardan elektromobillarni oddiy avtomobillar bilan solishtirish natijasi, qishloq xo‘jaligida suv tejamkorligi, import-eksport yo‘nalishlarida elektr energiya samaradorligi kabi masalalarda tadqiqotlar o‘tkazdik. O‘z faoliyatini boshlagan “Yashil hab” shu yo‘nalishda tadqiqotlar olib borayotgan mahalliy va xalqaro mutaxassislar hamda izlanuvchilar uchun “yashil” iqtisodiyotni yaratish yo‘lidagi bilimlar platformasi vazifasini o‘taydi.
[gallery-6869]
Shuningdek, O‘zbekistondagi manfaatdor tomonlar «Stokgolm +50» xalqaro uchrashuvlari doirasida ekologiya va iqlim masalalari bo‘yicha birinchi milliy maslahatlashuvini ham o‘tkazdi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska “Green Hub” platformasi faoliyati va “Stokgolm +50» xalqaro uchrashuvining birinchi milliy maslahatlashuvi mazmunan o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor qaratdi.
– bugungi tadbirga BMTTD qatorida Fransiyaning Taraqqiyot agentligi va Jahon banki vakillari ham qatnashmoqda. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini ilgari surish nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda juda muhim va dolzarb ekanini yaxshi bilamiz. Hech bir shubhasizki, Yer sayyorasining kelajagi yashil bo‘lishi kerak. Albatta, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tishda “Green Hub” platformasining ishga tushirilishi quvonarli. Men O‘zbekistondagi “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi va qator loyihalarni samarali harakat, deb hisoblayman. BMTTDning ana shunday tashabbuslardagi ishtirokidan behad xursandman. Buni qarangki, ushbu tashabbus bizning “Stokgolm +50» xalqaro uchrashuvining birinchi milliy maslahatlashuvi o‘tkazilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bugun “Green Hub” platformasi bilan birgalikda birinchi maslahatlashuv tadbirini tashkil etdik. “Stokgolm +50» xalqaro uchrashuvi bundan 50 yil muqaddam Stokgolmda BMT Bosh Assambleyasi birinchi marotaba yashil muhitga bag‘ishlangan birinchi anjumanini tashkil etgan. Oradan 50 yil o‘tib, ya’ni joriy yilning 1-2 iyun kunlari katta xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Ushbu yirik tadbiroldi biz O‘zbekistonda 4 ta milliy maslahatlashuvni tashkil etamiz. Ikkinchi milliy maslahat Nukus shahrida tashkil etiladi. Maqsad keng jamoatchilik ishtirokida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va ekologik tahlilni o‘rganib, kutilayotgan anjumanda ushbu masalani O‘zbekiston nomidan olib chiqamiz, – dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi BMTTD, Jahon banki va shu kabi boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 2030 yilgacha O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish rejasini amalga oshirishga qaratilgan “Yashil o‘sishning strategik asoslari” loyihasini taqdim etdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA