2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili
Poytaxtimizda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida “Yashil” fan va innovatsiyalar kuni” o‘tkazildi.
Ushbu tashabbus mamlakatimizda 2025 yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili, deb e’lon qilinganiga hamohang tarzda tashkil qilindi. Bu diyorimizning iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, atrof-muhit ifloslanishiga qarshi qat’iy sa’y-harakatlarni tasdiqlaydi.

Yoshlar, olimlar, siyosatchilar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etgan tadbirda agrooziq-ovqat tizimlarini yanada “yashil” kelajak sari o‘zgartirayotgan ilmiy yutuqlar va innovatsion yechimlar namoyish etildi.
Anjuman FAO Yashil qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Mintaqaviy texnik platformasi, Ilm-fan va innovatsiyalar forumi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Mintaqaviy fan va innovatsiyalar haftaligi kabi global va mintaqaviy tashabbuslar bilan uyg‘un holda o‘tkazilgani alohida qayd etildi. Bu tashabbuslar ilm-fan va innovatsiyalarning barqaror va inklyuziv agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirishdagi muhim o‘rnini yoritadi.
Tadbir davomida ilg‘or texnologiyalar taqdim etildi. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agro-sanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan “Agroplatforma” axborot tizimi, Toshkent davlat agrar universitetining biokontrolga asoslangan barqaror o‘simliklarni himoya qilish usullari, shuningdek, “O‘zbekkosmos” tomonidan qishloq xo‘jaligida dronlar va kosmik texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlari tushuntirildi.
Interaktiv mashg‘ulotlar, xususan, “yashil” fan, innovatsiyalar va FAO faoliyati bo‘yicha viktorina yoshlarning faol qatnashishini rag‘batlantirdi va bilimlarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash FAOning asosiy mandatida muhim o‘rin tutadi va bu jarayonda yer resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish katta ahamiyatga ega. Innovatsion usullarga asoslangan yer resurslarini barqaror boshqarish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oziqaviy qiymatini oshirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va ularni yumshatishga yordam beradi.
“Yashil” fan va innovatsiyalar kuni” esa milliy va mahalliy darajada bilim almashish va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni kuchaytirib, O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish uchun hamkorlik va resurslarni safarbar etishga xizmat qiladi.
B.XUDOYBERDIEV, O‘zA