Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 27 yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi loyihasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatimizda qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli muqobil energiya ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni shakllantirish, shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettirilishi, buning uchun 2 trillion so‘m kredit ajratilishi ta’kidlandi.
Mazkur yo‘nalishda, ya’ni “Yashil” energiyadan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, mavjud energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish, ayniqsa, quyosh panellari o‘rnatish borasida Andijon viloyatida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

– Jumladan, 2023-2024 yillar davomida viloyatda 1 ming 626 ta ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralariga quvvati 23 ming 168, tadbirkorlik sub’ektlari bino va inshootlariga quvvati 26 ming 835, 12 ming 826 ta aholi xonadoniga 87 ming 607, 33 ta ko‘p qavatli uylarga 268 kVtli quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali rahbari Sardorbek Yusupov. – Quyosh panellari o‘rnatilgan ushbu ob’ektlar “Yashil” energiya platformasi ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu boradagi ishlar joriy yilda ham izchil davom ettiriladi. Viloyatda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan.

Tadbirkorlik sub’ektlari va aholi vakillariga “Yashil” energiyaning ahamiyati, xususan, yashil energiyadan foydalanish yo‘lga qo‘yilganda beriladigan imtiyozlar, quyosh panellari o‘rnatishning qulaylik va afzalliklarini tushuntirishga qaratilgan seminarlar, turli targ‘ibot tadbirlari doimiy ravishda o‘tkazilmoqda.
Andijonda muqobil energiyadan foydalanish, quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilda mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari