English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yashil energiya”dan foydalanish hajmi ortmoqda
15:57 / 2024-08-20

Prezident topshirig‘i amalda

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i K.Umarov boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan sanoat tarmoqlarida o‘rnatilgan quyosh panellari holati o‘rganildi.  

Jumladan, Chirchiq shahrida joylashgan kalava ip ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Compact Textiles Yarn” MCHJ korxonasining tom qismiga o‘rnatilayotgan quvvati 5 ming 852 kilovattga teng bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.  

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 6 oyida sanoat korxonalaridagi 204,5 ming kilovatt quvvatlik quyosh panellari hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, Toshkent viloyati bo‘yicha “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan va tasdiqlangan ma’lumotlar doimo monitoring qilinmoqda. Ishchi guruh tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot ishlari natijasida hududdagi 36 ta to‘qimachilik korxonalarida quvvati 802,7 kVt. bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilganligi aniqlandi.

– Ellikdan ziyod korxona vakillari ishlab chiqarish hududida quvvati 665 kVt. bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish istagini bildirgan, – deydi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Umarov. – Shu bilan birga, 11 ta korxonada kredit evaziga quyosh panellari o‘rnatish ehtiyoji borligi aniqlandi. Shu sababdan tegishli bank muassasasiga murojaat qilinib, mablag‘lar ajratish choralari ko‘rilmoqda. Asosiy maqsadimiz hududdagi sanoat tarmoqlarida energiya resurslari ta’minotini yaxshilash, “Yashil energiya” quvvatlarini yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish va shunga yarasha infratuzilmani rivojlantirishdir.    

Prezidentimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Jumladan, tadbirkorlarga quyosh energiyasidan foydalanishda qo‘shimcha yengilliklar yaratilishi ta’kidlanib, quyosh paneli, invertor va akkumulyatorlarni import qilishda bojxona imtiyozlari yana besh yilga uzaytirildi.  Shuni e’tiborga olib joylarda bu boradagi o‘rganish va targ‘ibot ishlari davom etmoqda.    

A.Musayev, O‘zA.