Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yashil energiya» sertifikatlarini sotish va sotib olishning foydali jihatlari nimalardan iborat? (+video)
16:43 / 2024-04-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-mayda «Yashil energiya» sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi va «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasining qayta tiklanuvchi manbalardan foydalangan holda ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi «yashil energiya» sertifikatlari tizimini bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilangan. 

Xo‘sh, bugungi kunda ushbu qaror ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? «Yashil energiya» sertifikatlarini sotish va sotib olishning foydali jihatlari nimalardan iborat? 

Ushbu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Yashil iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish» boshqarmasi bosh mutaxassislari Abdumannon Yaxshiboyev va Behruz Mirzayevga yuzlandik. 

Ta’kidlash kerakki, «yashil energiya» sertifikati gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda, ma’lum miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat hisoblanadi. 

Bugungi kunda «yashil energiya» sertifikati bo‘yicha Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash xalqaro jamg‘armasining (I-REC) standartlari 50 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda joriy qilingan. 

– Mazkur «yashil energiya» sertifikati mamlakatimizda ilk bora «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan joriy etilgan hamda sotuvga chiqarilishi ta’minlangan, – dedi suhbat chog‘ida Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma bosh mutaxassisi Behruz Mirzayev. – Shuningdek, jamiyat O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasida tashkil etilgan «yashil energiya seksiyasi» orqali «VAT Uzbekistan» qo‘shma korxonasiga 2000 ming dona «yashil energiya» sertifikatlarini sotgan. 2000 dona sertifikat 2 million kilovatt soat elektr energiyasini anglatib, korxona tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida ushbu ekologik toza manbadan foydalanilganligini tasdiqlaydi. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma bosh mutaxassisi Abdumannon Yaxshiboyevning ta’kidlashicha, sertifikatlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan birja savdolarida xaridor sifatida yakka tartibdagi tadbirkorlar, mahalliy korxonalar yoki xorijiy kompaniyalar erkin ishtirok etishi mumkin. 

– «Yashil energiya» sertifikatlari tizimini yuritish, xususan, generatsiya obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, «yashil energiya» sertifikatlarini chiqarish, generatsiya obyektlariga berish va ularning harakati hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul organ Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisoblanadi. “Yashil energiya» sertifikatlari tizimini yuritishdan ko‘zlangan maqsad qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish va iste’mol qilishni rag‘batlantirish, shuningdek, bunday energiya manbalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. “Yashil energiya» sertifikatlarini birja savdolari orqali sotilishi qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga imkon beradi. Shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozorlariga eksport qilishda imtiyozlardan foydalanishga keng yo‘l ochadi, – dedi A.Yaxshiboyev. 

Eslatib o‘tamiz, mutaxassislarning ushbu mavzudagi to‘liq intervyusini O‘zAning yutub kanalida ko‘rishingiz mumkin. 

Nasiba Ziyodullayeva, Abror Sodiqov, O‘zA