Muqobil energiya manbalarini joriy etish hozirgi elektr energiyasi ta’minoti taqchilligining oldini olish dolzarb bo‘lib turgan bir davrda mamlakat “yashil” iqtisodiyotini mustahkamlash, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘ziga xos tejamkor texnologiyalar sifatida, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ham tokni, ham tabiiy gazni iqtisod qilishda beqiyos o‘ringa ega. Boshqacha aytganda, quyosh panellarini o‘rnatganlar mablag‘ini tejash asnosida, oilasi, ish joyi imtiyozlarga ega bo‘lib, yaxshigina davromad topmoqda.
Ta’kidlash joizki, Prezdiyentimizning 2023-yil 16-fevralda qabul qilingan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlariga oid qaroriga asosan 2023-yil 1-apreldan boshlab respublikamiz hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli 50 kilovattgacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda.

Bunda, jismoniy shaxslarga tegishli ob’ektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan quvvatning har bir kilovatt-soatiga davlat byudjetidan 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi. Har oy yakuni bilan jismoniy shaxslar tomonidan yagona tizimga uzatilgan energiya hajmi va tizimdan iste’mol qilingan energiya hajmi o‘rtasidagi ijobiy tafovut miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
Subsidiya soliq idoralari tomonidan har oyda “Soliq info” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar fuqarolarning bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Bu to‘lovlar jismoniy shaxslarning jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filiali mas’ul xodimi Bahodir Temirovning qayd etishicha, viloyat bo‘yicha sohalar kesimida jami 5 ming 800 ta 55 ming 825 kilovatt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan 2025-yil davomida 2 ming 658 ta ob’ektda 56 ming 460 kilovattlik panellar o‘rnatilib, ishga tushirildi. Ya’ni ijtimoiy sohada 433 ta 9 ming 100 kilovatt, tadbirkorlik sub’ektlarida 915 ta 34 ming 150 kilovattlik hamda aholi xonadonlarida 1 ming 271 ta 12 ming 610 kilovatt va ko‘pqavatli uylarda 39 ta 600 kilovatt panellarda bir oylik 33 397,3 ming kilovatt-soat yoki 5 009 595 milliard so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, aholi va tadbirkorlarni quyosh panellari o‘rnatishga rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan qator imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralari mahallalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Masalan, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani Qozoqovul mahallasidagi Alanga ko‘chasida yashovchi Alijon Urishov tomonidan quvvati 50 kilovatt bo‘lgan quyosh elektr paneli o‘rnatildi. Ushbu zamonaviy va ekologik toza energiya manbalari aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr xarajatlarini kamaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan “yashil energiya” nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish madaniyatini ham shakllantiradi.
Yana bir faol uchqo‘rg‘onlik fuqaro Zaynobiddin Yo‘ldoshev o‘tgan yilning yanvar oyida xonadoniga 50 kilovattli qayta tiklanuvchi quyosh panellarini o‘rnatgan edi. Bir yil oldingi va quyosh panellari qo‘yganidan keyingi olti oylik iste’moli solishtirilganda, 2024-yil yanvar oyidan iyun oyiga qadar olti oy davomida fuqaro 13 ming 152 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlatgani holda, 2025-yilning olti oyi davomida esa, 9 ming 989 kilovatt-soat energiya ishlatib, 3 ming 163 kilovatt-soatni iqtisod qilgan. Umuman, 18 ming 213 kilovatt-soatni elektr ta’minoti korxonasiga chiqargan bo‘lib, shundan 14 ming 198 kilovatt-soatini 1000 so‘mdan sotgan va 14 million 198 ming so‘m daromad olingan. Qolgan 4015 kilovatt-soat quvvatni ro‘zg‘orida foydalangan, muhim buning uchun hech qanday to‘lov qilinmaydi.

—Maktabimizga “Tashabbusli byudjet” dasturi hisobidan 2023-yilda 20 kilovattli va 2024-yilda 5 kilovattli quyosh panellarini o‘rnatgan edik, —deydi Norin tumanidagi 41-sonli umumta’lim maktabi direktori Husniddin Jakbarov. – O‘tgan davr mobaynida “yashil energiya”ning bir qator afzalliklari ko‘zga tashlandi. Qishda ham ta’minotning bir maromdagi va elektr korxonasidan mustaqil ravishda elektr ishlab chiqarilayotgani hamda bahor va yoz oylarida ehtiyojimizdan ortganini sotish evaziga hisobimizga 50-70 million so‘mgacha mablag‘ tushayotganligini aytib o‘tish joiz. Xullas, ta’minotda uzilish bo‘lgan taqdirda ham buning bizga ta’siri sezilmayapti.
Darhaqiqat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining yuqori samaradorligidan va yanada muhimi, ekologik nuqtai nazardan ham tozaligidan aytish kerakki, asrimizning ommabop loyihalaridan munosib o‘rin egallagan. Barcha rivojlangan va taraqqiy etib borayotgan davlatlarda bunday musaffo quvvatlantiruvchi tarmoqlar sanoat, ijtimoiy sohalar, uy-ro‘zg‘or va maishiy xizmatda ham tejamkorligi, arzonligidan tobora ommalashib, iste’molchilar e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Xullas, quyosh energiyasidan foydalanish – bu zamonaviy, ekologik toza va iqtisodiy samarali qaror. Shu boisdan ham aholi xonadonlarida bunday tejamkor va daromadli vositalar ko‘paymoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA